O‘zbekiston | 13:16 / 08.03.2019
23595
3 daqiqa o‘qiladi

Odilbek Isoqov moliya vazirining o‘rinbosari etib tayinlandi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 7 martdagi PQ-4232 sonli qaroriga asosan, Davlat suveren, korporativ (bank) qarz majburiyatlari va davlat qarzi boshqarmasi boshlig‘i - moliya vaziri maslahatchisi Odilbek Rustamovich Isoqov - Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash masalalari bo‘yicha moliya vazirining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Prezidentning “Xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekiston Respublikasining o‘rnini yaxshilashga oid chora-tadbirlarni tizimlashtirish to‘g‘risida”gi farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tuzilmasiga xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha mas'ul bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri o‘rinbosari lavozimi kiritildi.

Moliya vaziri o‘rinbosari:

xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekiston Respublikasining o‘rnini yaxshilash borasida mutasaddi vazirlik va idoralarning muvofiqlashtirilgan o‘zaro hamkorligini, ularga yuklatilgan vazifalarni samarali va sifatli bajarish uchun uslubiy va konsultativ yordam ko‘rsatishni ta'minlaydi;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yig‘ilishlarida, shu jumladan, Rayosat majlislarida, mutasaddi vazirlik va idoralar tomonidan xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekiston Respublikasining o‘rnini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar ahvolini tanqidiy ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar beradi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tuzilmasida boshqaruv xodimlarining soni qo‘shimcha 10 ta shtat birligidan iborat Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash boshqarmasi tashkil etiladi.

Ma'lumot uchun: Moliya vazirligining 2018 yil 15 sentyabrdagi buyrug‘iga asosan Odilbek Isoqov moliya vazirining maslahatchisi, Moliya vazirligining davlat suveren, korporativ (bank) qarz majburiyatlari va davlat qarzi boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangandi

Odilbek Isoqov 1981 yilda tug‘ilgan, ma'lumoti oliy, 1998-2000 yillarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida tahsil olgan. Odilbek Isoqov dunyoning eng yirik banklaridan biri HSBC bankidagi 12 yillik mehnat faoliyati davomida Rivojlanayotgan mamlakatlar bilan ishlash bo‘yicha investitsiya bankiri sifatida tajriba orttirgan. 2016 yil mart oyidan HSBC investitsiya banki rivojlanayotgan mamlakatlar uchun jahon moliya bozorlarida qimmatli qog‘ozlar chiqarishni tashkil etish boshqarmasi direktori (London, Buyuk Britaniya) lavozimida ishlab kelgan.

 

Mavzuga oid