Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Har bahorda shu bo‘lar takror». «Toshshahartransxizmat»ga yana konsepsiya tuziladi
«Toshshahartransxizmat» o‘tgan yilning 23 iyun kunidan boshlab, shahar jamoat transportida (avtobuslarda) oylik yo‘l chiptalarining (AV, O‘, T, N) seriyalari elektron ko‘rinishidagi kartalarga o‘tkazilib sotilishini ma'lum qilganda, ochig‘i, sal ensam qotgandi. Negaki, bunday va'dalar va balandparvoz loyihalar haqida ko‘p eshitdik, ammo amalda bittasi ham muvaffaqiyatli amalga oshmadi.
Masalan, jamiyat o‘tgan yili «Wi-Fi Bus» loyihasini ishga tushirgandi. Ularning rejasi bo‘yicha yil oxiriga qadar poytaxtdagi ellikta yo‘nalishli avtobus Wi-Fi aloqasi bilan ta'minlanishi belgilangandi. Yil o‘tib ketdi, va'da esa unut bo‘ldi. Avtobuslarning qatnov vaqtini ko‘rsatuvchi MyVus mobil ilovasi ishga tushgandi, ilovaning hayoti ko‘pga bormay so‘ndi. 2018 yil 1 dekabrdan buyon u ham ishlamaydi.
«Toshshahartransxizmat» matbuot xizmati «MyVus Test – 10.15 mobil ilovasi tayyor va u test rejimida ishlayapti», deya bizni ishontirdi. Jamiyat vakiliga ko‘ra, bir oy ichida ilova bilan bog‘liq barcha muammo bartaraf etiladi. O‘tgan yili Telegram messenjerida onlayn rejimda TashBus bot xizmati ishlab turgandi, hozir u ham yo‘q.
Xullas, va'dalarga ishonib bir oyni o‘tkazamiz, ammo, elektron to‘lov kartalari bo‘yicha aytar so‘zim bor! E'tiborli jihati shundaki, bu «yangilik» eng kamida 5 marta yangragan va hanuzgacha amalga oshmay keladi.
2014 yil 6 iyul
«Toshshahartransxizmat» jamoat transportidan foydalanganda NFC (Near Field Communication - yaqin masofadagi aloqa) texnologiyasi orqali to‘lovni amalga oshirish imkoniyati paydo bo‘lishi haqida ma'lumot bergandi. Soddaroq qilib aytganda, smartfondagi ilova orqali avtomatlashtirilgan tizim imkoniyatidan foydalanish haqida so‘z yuritilgan.
Ana shu paytda mutasaddilar «loyihaning texnik ishlanmalari ustida katta ish olib borilayotgani» haqida gapirishgandi. Hukumat jamoat transportidan foydalanish va uning sifatini oshirish borasida 2013 yil noyabr oyida rasmiy hujjatni tasdiqlagan. Agar loyiha ishga tushgan bo‘lsa ham, u ommalashmadi.
2015 yil 16 yanvar
«Toshshahartransxizmat» kelgusi ikki yil ichida smart-kart yordamida ishlaydigan to‘lov tizimini yaratishini bildirgandi. Jamiyat loyihani amalga oshirish uchun 8 nomzoddan birini tanlashi ma'lum qilingan, «Toshshahartransxizmat»ning o‘sha paytdagi rahbari Otabek Sodiqov loyihaning moliyaviy jihati kredit mablag‘larini jalb etish orqali hal etilishini aytgandi. Avtobuslarda ushbu tizimni joriy etish uchun 3-4 oy muddat talab qilinishi qo‘shimcha qilingandi.
2015 yil 8 iyul
O‘zbek-fransuz ishbilarmonlar forumida «Toshshahartransxizmat» AJ yaqin kelajakda bajarilishi kutilayotgan loyihani tanishtirgandi. 2015 yilning 10-12 iyun kunlari o‘tkazilgan tadbirda Toshkent shahar yo‘lovchi tashish xizmatida avtomatlashtirilgan to‘lovni amalga oshirish haqida gapiriladi. Unga ko‘ra, tizim 2016 yilga qadar joriy etilishi, undan so‘ng xizmat ko‘rsatish sifatini oshirib borish belgilangandi. Loyiha 2013 yil 9 oktyabrda imzolangan PQ-2048 son hujjat asosida amaliyotga joriy qilinishi kerak edi.
2017 yil 10 aprel
Xalqaro tajribada 10ta avtomatlashtirilgan to‘lov tizimlarini o‘rganib chiqib, «Mikroelektronika-Plyus» MChJ Toshkentdagi jamoat transportlari uchun ana shunday qurilmani yaratganini e'lon qildi. Mutasaddilar sinov tariqasida poytaxtdagi 155-yo‘nalishdagi avtobuslarning bir nechtasiga moslamalar o‘rnatilgani, bu jarayon bir oy davom etishini aytgandi.
2017 yil 28 avgust
Singapurning Technobiz Transpay Pte.Ltd kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan platformada ishlaydigan ANOR loyihasi e'lon qilingandi. Uning faoliyati uchun zarur bo‘lgan smart-kart sotuvi esa shahar bo‘ylab 2 mingta markazda yo‘lga qo‘yilishi aytilgandi.
2017 yil 30 oktabr
Va nihoyat, «Toshshahartransxizmat» AJ yana bir marta NFC tizimidagi to‘lov tizimini Uzmobile kompaniyasi bilan hamkorlikda bajarishini bildiradi. Loyihaning ilk sinov faoliyati 2018 yil o‘rtalariga mo‘ljallangandi. Birinchi bosqichda, avtobus va metroda, keyinroq, taksi xizmatida ham avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi joriy etilishi bildirilgandi.
2018 yil 20 iyun
2018 yilning 23 iyun kunidan boshlab, shahar jamoat transportida (avtobuslarda) oylik yo‘l chiptalarining (AV, O‘, T, N) seriyalari elektron ko‘rinishidagi kartalarga o‘tkazilib sotilishi ma'lum qilingandi. Natija qanday bo‘ldi?
Mazkur elektron tizimni chuqurroq o‘rganish maqsadida axborot texnologiyalari sohasidagi yetuk mutaxassislar jalb qilindi. Shu tariqa, ushbu elektron tizimning yo‘lovchi uchun qay darajada qulayligi, ijobiy va salbiy jihatlari chuqur o‘rganildi. Sezib turganingizdek, yo‘lovchilar uchun ulardan foydalanishda birmuncha noqulaylik tug‘dirayotgani, bu esa e'tirozlarga sabab bo‘layotgani ma'lum bo‘ldi.
Jamiyatning xulosasiga ko‘ra, avtobuslarda elektron chiptalarni nazorat qilish borasida yuzaga kelgan noqulaylik natijasida yo‘lovchilar tomonidan bunday yo‘l chiptalaridan noqonuniy tarzda foydalanish kabi vaziyatlar ham ko‘plab kuzatilgan.
Ma'lum qilinishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 28 avgust kuni transport tizimini takomillashtirish bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishida soha mutasaddilari oldiga qo‘ygan vazifalardan kelib chiqqan holda, jamiyat tomonidan jamoat transportlarida avtomat to‘lovni joriy etish bo‘yicha xorijning yetakchi kompaniya va firmalari bilan muzokaralar olib borilmoqda. Xususan, Janubiy Koreya, Singapur, Rossiya, Belarus va Yaponiya kabi davlatlarning bu boradagi tajribalari o‘rganilmoqda. Toshkent shahar transport tizimini tubdan rivojlantirish yuzasidan ishlab chiqilayotgan Strategiyaga muvofiq yangi avtomatlashgan to‘lov tizimini joriy yilda boshlash rejalashtirilgan.
Toshkent shahrida 133ta yo‘nalishda transport xizmati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, yiliga o‘rtacha 200 milliondan ziyod yo‘lovchi tashiladi. Mazkur yo‘nalishlarga 1 124ta avtobus biriktirilgan va ular tomonidan bir kunda 16 049ta qatnov amalga oshirilmoqda. Haydovchidan kunlik rejani yechish, chiptachi ishini osonlashtirib, haydovchidan faqatgina xavfsizlikni ta'minlagan holda yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatishga ko‘mak beruvchi elektron to‘lov kartasini joriy etolmagan, ishlarni to‘g‘ri va o‘z muddatida tashkil etmagan jamiyatning yangi va'dasiga ishonib qolishga majburmiz.
Bugun, 11 mart kuni Normativ hujjatlar loyihalarining muhokamasi uchun taqdim etilgan «2019-2030 yillarda Toshkent shahar transport infratuzilmasini rivojlantirish konsepsiyasini tayyorlash» to‘g‘risidagi hujjat loyihasi matni paydo bo‘ldi.
Aslida, «Toshshahartransxizmat» 2017 yil 10 iyunga qadar konsepsiya uchun aholidan taklif va tashabbuslarni to‘plab, allaqachon 2030 yilgacha nazarda tutilgan rivojlanish yo‘li ustida bosh qotirayotgan bo‘lishi kerak edi. Qolaversa, bu masalada 2018 yil 1 yanvardan kuchga kirishi nazarda tutilgan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi muhokamadan o‘tgandi. Elektron karta, Wi-Fi Bus loyihalarida yangragan va'da kabi, bu loyiha ham unutildi.
2018 yil avgustda «Toshshaxartransxizmat» rivojlanish konsepsiyasini tuzishda KMPG ko‘magiga tayanishini aytib qoldi. Kutilmaganda bu ishga koreyalik mutaxassislar hissa qo‘shishi ma'lum bo‘ldi. Turkiyaning Senkron teknolojı A.S kompaniyasi ham ishga qiziqish bildirdi. Xullas, Germaniya, Rossiya, Ukraina, Belarus, Xitoy, Yaponiya va Hindistondan ham hamkorlik istagi bildirilgani ma'lum bo‘ldi.
Oradan ikki yil o‘tib, yana o‘sha oxiriga yetmay qolgan rivojlanish konsepsiyasini tayyorlash bo‘yicha hujjat loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Bu gal konsepsiyaning tuzilishiga Turkiyaning Kalyon Ulastirma muhendislik ve musavirlik A.S. kompaniyasi bosh qo‘shmoqda. Ta'kidlanishicha, joriy yilning 1 aprel kuniga qadar tayyor hujjat tasdiq uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.
Mavzuga oid
17:13 / 29.04.2026
Toshkentda yo‘lovchilarga qo‘pol muomala qilgan avtobus haydovchisi ishdan olindi
14:24 / 14.03.2026
Xivada «Boqiy shahar» konsepsiyasi asosida yangi hudud barpo etiladi
11:43 / 22.01.2026
Toshkentda noqulay ob-havo: avtobus intervallari uzayishi mumkin
11:34 / 22.01.2026