Jamiyat | 20:26 / 01.04.2019
5092
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston mudofaa vaziri bir nechta maktab-internatlarga kitob ulashdi

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Bugun, 1 aprel kuni O‘zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov Toshkentning Olmazor tumanidagi 100-, 102- va 106-son maktab-internatida bo‘lib, o‘quvchilar uchun kitoblar jamlanmasini taqdim etdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Kun avvalida har uchala maktabda Mudofaa vazirligining 600 dan ortiq harbiy xizmatchilari ishtirokida “Mehr ulashib” shiori ostida xayriya hashari uyushtirildi. Maktablar bog‘iga ekilgan daraxtlar oqlandi, tagi yumshatildi, anvoyi gullar ekildi, manzarali o‘simliklarga qayta ishlov berildi. Mevali va manzarali ko‘chatlar o‘tqazildi.

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

– Maktab bog‘i va hovlisida yig‘ilib qolgan ancha ishimiz bor edi, – deydi Olmazor tumanidagi 100-sonli miya falaji va tayanch harakat tizimida nuqsoni bo‘lgan bolalar maktab-internati direktori Tohir Matyoqubov. – Harbiylarimiz baraka topishsin, erta tongdan kelib, hamma yoqni obod etishdi. Bu ishlarni kuzatib yana bir narsaga amin bo‘ldim: yurt posbonlari har bir ishni chin yurakdan bajarar ekanki, natijasidan ko‘ngillar yorishadi.  

Mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov maktab o‘quvchisi bilan birgalikda bir tup ko‘chat qadadi.  

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Shundan so‘ng maktab-internati o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi, she'r va qo‘shiqlar tinglandi, go‘zal raqslar ijro etildi. 

Mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov o‘quvchilarga kitoblar ulashar ekan, o‘zining ezgu va samimiy tilaklarini ham bildirib o‘tdi.  

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

Mavzuga oid