«Real»ning qiyin g‘alabasi? Nima bo‘pti?
Kecha Madridning «Real» klubi o‘z maydonida turnir jadvalida so‘nggi pog‘onada borayotgan «Ueska»ni qabul qildi va faqat so‘nggi daqiqalardagi gol evaziga qiyin g‘alabaga erishdi. Tabiiy ravishda, o‘yindan so‘ng yana tanqidiy fikrlar, jamoa Zidan kelgach ham o‘zgarmayotgani, balki Solarini olib qolish kerak bo‘lgani haqida fikrlar ham paydo bo‘ldi. Umuman «Real»ning o‘yini, natijalari, garchi turnirga hech qanday ta'siri bo‘lmasa ham butun futbol jamoatchiligining ko‘z o‘ngida bo‘lishi tabiiy.
E'tiboringizga rossiyalik mashhur sharhlovchi Stanislav Mininning bu boradagi fikrlarini havola etamiz.
«Ueska» – yomon jamoa emas. Umuman, La Ligada bu mavsumda yomon jamoaning o‘zi yo‘q. Fransisko – yaxshi murabbiy, buni u «Almeriya»ni boshqarganda ham isbotlagandi. Uni aslida yozda, Rubi iste'foga chiqqanida taklif qilish kerak edi. «Ueska»da hozir motivatsiya eng yuqori darajada. Jamoa hali taqdirga tan bergani yo‘q. («Ueska» 17-o‘rindan 7 ochko kam jamg‘argan holda, so‘nggi o‘rinda bormoqda).
«Real»da esa, aksincha, turnir nuqtai nazaridan hech qanday motivatsiya yo‘q. «Real» uchinchi o‘rindan pastga tushib ketmaydi, Chempionlar Ligasidan bitta o‘rin ham naqd. Hatto Ispaniya superkubogining yangi formatiga ham tushadi – aytishlaricha, u yerda endi 4 jamoa qatnashadi: Qirollik kubogi finalchilaridan tashqari, «Atletiko» va «Real» sovrindorlar sifatida bo‘lishadi.
«Real» top-klublar ichida, hozirdan keyingi mavsum tayyorgarligini boshlashi mumkin bo‘lgan yagona jamoadir. Zidanning 11 tur qolganda, madridliklar barcha turnirlardan umid uzgan paytda tayinlanishining asl sababi ham shu. Peresning balki bu mavsumdagi eng to‘g‘ri qarorlaridan biri ham shu – Zidanni aynan shu paytda qaytarish bo‘ldi.
Ba'zilar Solarining yil oxirigacha ishlashga qo‘yib berish kerak edi, aytishmoqda. Nega? Undan omad ketib bo‘lgandi, baribir may oyida iste'foga ketardi. Chempionlar Ligasidagi muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng, u xuddi ikki oyog‘i bilan ham oqsoqlanayotgan o‘rdakka o‘xshab qolgandi. To‘g‘ri, u Vinisiusga va Regilonga imkoniyat berdi, ammo uch nafar juda kuchli futbolchini zaxiraga o‘tkazib qo‘ygandi. Bu futbolchilar ketish haqida o‘ylay boshlashdi. Jamoadagi muhitni o‘zgartirmay turib, bu futbolchilarning niyati qanchalik jiddiy, ular «Real»ga kerakmi yoki yo‘qmi, yordam bera oladilarmi yoki yo‘qmi, buni bilib bo‘lmasdi. Solari murabbiy ekan, bu savollarga javob ham bo‘lmasdi.
Yechim oddiy edi. Yana 11 tur depressiya, norozilik va qatorasiga uch marta Chempionlar Ligasini yutgan jamoaning to‘liq tugatilishi yoki bugundan tartib va xotirjamlik bilan yangi jamoani qurishni boshlash. Peres ikkinchi variantni tanladi. Bu vazifa uchun esa, Zidan mukammal variant edi.
Zidan allaqachon 19 futbolchini sinab ko‘rdi. Sog‘lom futbolchilar ichida faqat Regilon maydonga tushirilmadi. Birinchidan, u bilan hammasi tushunarli. Solari davrida yaxshigina o‘sdi. Ikkinchidan, Marseloning bugungi holati haqida bilish lozim edi. Faqat jismoniy emas, munosabat nuqtai nazaridan. Biz, tomoshabinlar, jurnalistlar uchun emas, Zidanning o‘zi bilishi kerak edi buni.
Albatta, «Real» yozda yangi futbolchilar sotib oladi. Aytish kerakki, «Real» anchadan beri yirik xaridlar amalga oshirmayotgandi. OAVda Mbappe, Pogba, Azar kabi nomlar tilga olinmoqda. Sakkiz yoki o‘n yil oldin ularning hammasi Peresning taklifiga "labbay" deb javob bergan bo‘lishardi. Endi qanday bo‘ladi, aytish qiyin. Ammo shuni aytish kerakki, bu mavsum Peres boshqacha yo‘l bilan jamoa tuzishga endi urinmaydi ham. U ancha yoshga borib qoldi va o‘zgarmasligi aniq.
Peresga aql o‘rgatish shart emas – u yulduzlarni Madridga chorlay oladi, faqat unga ular uchun mos muhit va sharoitni yarata oladigan murabbiy kerak. Bunday rivojlanish rejasi balki sizga yoqmas, balki siz «Real»ni xuddi «Barselona» qiladigandek, butun dunyoga o‘z uslubini yoymasligi uchun jiningiz suymas? Ammo boshqacha bo‘lmaydi. Kerakli sharoit va xaridlar amalga oshirilgach, albatta, «Real» yana chiroyli, hujumkor futbol ko‘rsatishni boshlab yuboradi.
Shuning uchun chorshanba kuni «Mestalya»da bo‘lib o‘tadigan o‘yin va yana qolgan 8 turni faqat kelajak uchun tayyorgarlik sifatida baholashimiz to‘g‘riroq bo‘lardi. Mavsumoldi o‘yinlardan farqli ravishda, shunchaki, «Real»ga yuqori motivatsiyaga ega bo‘lgan kuchli raqiblar ro‘para kelishadi. Xuddi «Ueska» kabi... Bundan ortiq tayyorgarlikni topib bo‘larmidi?
Mavzuga oid
10:01 / 10.11.2024
Vinida yana het-trik, lekin Madridda dahshatli muammolar
00:08 / 07.11.2024
«Real» o‘z yo‘liga tushib olishi uchun hal qilinishi kerak bo‘lgan 6 masala
13:17 / 06.11.2024
YChLda sensatsiyalar kuni. «Real» va «Siti» yutqazdi
12:52 / 27.10.2024