Jahon | 19:11 / 06.04.2019
4914
2 daqiqa o‘qiladi

Yevrokomissiya BMW, Daimler va Volkswagen’ni kartel kelishuvida aybladi

Yevrokomissiya Germaniyaning BMW, Daimler va Volkswagen avtokonsernlarini Yevropa bozorida avtomobillardan zararli moddalar ajralib chiqishini kamaytiradigan texnologiyalar rivojlanishi va joriy etilishini chegaralash maqsadida kartel kelishuvi tuzganlikda aybladi. Surishtiruv yakuni kompaniyalarni yirik jarimalarga olib kelishi mumkin.

Yevrokomissiyaning gumonicha, BMW, Daimler va VW 2006 yildan 2014 yilgacha benzin va dizel dvigatellaridan chiqadigan gazlarni tozalash texnologiyasi rivojlantirishdagi raqobatni cheklash uchun hamkorlik qilishgan. Kompaniyalar texnik standartlarni o‘zaro muvofiqlashtirish orqali Yevroittifoqning monopoliyaga qarshi qonunchiligini buzishgan. 

Kompaniyalarga Yevrokomissiyaning dastlabki xulosasi jo‘natilgan. Ular 10 hafta ichida e'tirozlarga javob qaytarishlari lozim.

Kartel haqida ma'lumot bergan Daimler «Yevroittifoq bilan faol hamkorlik qilayotganini» va jarima to‘lashni kutmayotganini bildirgan.

Volkswagen Yevrokomissiya e'tirozlarini o‘rganib chiqqanidan so‘ng javob qaytarishini ma'lum qilgan.

BMW esa kelishuv bo‘lganligini rad etgan va ayblovlarni inkor qilishini bildirgan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid