O‘zbekiston | 10:48 / 08.04.2019
28169
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat organlarining ayrim funksiyalari xususiy sektorga o‘tkaziladi (ro‘yxat)

Foto: Viktor Tolochko

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Hukumat tuzilmasiga kiruvchi idoralar va xo‘jalik boshqaruvi organlarini yanada ixchamlashtirish va faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab ro‘yxat asosida davlat organlarining ayrim funksiyalarini xususiy sektor sub'yektlari va nodavlat notijorat tashkilotlariga o‘tkazish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining takliflari ma'qullanishi mumkin.

Ro‘yxatga ko‘ra:

Qo‘riqlash xizmatlarini ko‘rsatishda, davlatning strategik obektlarini qo‘riqlashdan tashqari, ushbu faoliyat turi bilan shug‘ullanishga litsenziya berish tartibi joriy etiladi.

Yengib bo‘lmaydigan kuchlar holatlarini tasdiqlovchi sertifikat berish Savdo-sanoat palatasiga o‘tkaziladi. 

Rieltorlik malakaviy sertifikatini berish Rieltorlar Assotsiatsiyasi vazifalariga o‘tkaziladi. 

Aktuariyalik malakaviy sertifikatini berish Sug‘urta kompaniyalari assotsiatsiyasi vazifalariga o‘tkaziladi. 

Auditorlik malakaviy sertifikatini berish Moliya vazirligi mutaxassislari ishtirokida Buxgalterlar va auditorlar milliy assotsiatsiyasiga o‘tkaziladi. 

Qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish huquqini berish uchun jismoniy shaxslarni attestatsiyadan (qayta attestatsiya) o‘tkazish kapital bozori ishtirokchilari Assotsiatsiyasini tashkil etish orqali mazkur operatsiyalar bo‘yicha attestatsiya qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga haydovchilik guvohnomalarini berish IIVdagi xususiy sektor sub'yektlarini akkreditatsiyalash orqali. 

Rieltorlik malakaviy sertifikatini berish Davlat aktivlarini boshqarish agentligida xususiy sektor sub'yektlarini akkreditatsiyalash orqali. 

Soliq maslahatchisi malakaviy sertifikatini berish Moliya vazirligida xususiy sektor sub'yektlarini akkreditatsiyalash orqali.

Auditor malakaviy sertifikatini berish Moliya vazirligida xususiy sektor sub'yektlarini akkreditatsiyalash orqali. 

Lizing xizmati ko‘rsatuvchi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston lizing beruvchilari assotsiatsiyasiga o‘tkaziladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid