Jamiyat | 10:30 / 09.04.2019
15666
6 daqiqa o‘qiladi

Chinozdagi muammoga qaytib. Mutasaddilarning bergan va'dalari havoga uchdimi?

Atrof-muhit, ekologiya, sanitariya va gigiyena biz yashayotgan davrda alohida e'tiborga loyiq mavzular.

Kun.uz saytida o‘tgan yil oxirida Chinoz shahridagi kanalizatsiya va ichimlik suvlari bo‘yicha tanqidiy maqola e'lon qilingan edi. O‘shanda aholi vakillari o‘z shikoyatlarini bildirishgan va hokimiyat idorasida vazirlik, viloyat suvoqova xodimlari holatni o‘rganishga va'dalar berishgan edi.

Ammo bu va'dalar hanuz bajarilmay kelayotgani ma'lum bo‘ldi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Biz yana Chinoz da bo‘lib, murojaatchilar bilan uchrashdik. Ularning aytishicha, «biror joyda hatto cho‘p ham olib qo‘yilmagan».

«Kelib ketganinglardan so‘ng, hech kim hech ish qilmadi. Chinoz ahli haliyam shu suvlardan ichishga majbur bo‘lyapti. Mashinasi borlar boshqa joylardan suv olib kelyapti. Mashinasi yo‘qlar shuni ichishga majbur. Yana va'dalar berilyapti. Apreldan boshlashar emish. 2021 yilgacha qilinar emish. Ungacha aholi shu holatda yashayveradimi? Shuncha ishlar qilinyapti. Shu qatori shu yerga 50-60 million so‘m sarflansa aholiga foyda bo‘ladiku? Nega bizning bolalarimiz oqindi suv ichish kerak?! Qani haqiqat? Kimdir bunga chek qo‘yishi kerak-ku? Sizlarning oldingizda so‘z berishdi. O‘rganamiz deyishdi. Bu yerga kelishdi-da, vazirga borib aytamiz deb ortlariga qaytib ketishdi. Hech qanday ish qilinmadi.

Bu ishlarga aslida ko‘p xarajat ketmaydi. Odamlar jigari kasal bo‘lib o‘lib ketdi, yana qancha odamga yaralar toshib ketdi. Kasalxonama-kasalxona  sarson yurishibdi. Uylarning shiftlaridagi metallar yemirilib ketyapti. Inson nima bo‘libdi?! Hammasini aytyapmiz.

O‘tgan safar borib ko‘rgan joylaringizdan bolalar bog‘chasi tarafda ham hech qanday ish qilinmagan», deydi mo‘ysafid.

Keksa bu insonning so‘zlarini tingladik va o‘tgan safar ko‘rgan joylarimizni yana aylanishga qaror qildik. Aholi tomonidan «badbo‘y bog‘cha» deb aytilayotgan joyni ham borib ko‘rdik.

Shundan so‘ng, aholi bilan ham uchrashishdik. Ular vaziyat o‘zgarmaganini aytib o‘tishdi.

«Birov kelib biz bilan uchrashgani ham yo‘q. Jimjitlik hali ham. Hokimiyatdan ham hech kim kelmadi. Hech qanday o‘zgarish bo‘lgani yo‘q. Shu ahvol hali ham», deydi Baxtiyor Xolmurodov.

«Bizning uylarimizda hali ham o‘sha ahvol. Hozir issiq kunlar kelyapti. Uyimizga birov kelmaydi. Kasalliklar ko‘p bizda. Bolalarimizni shuncha asrab avaylaymiz. Shu muammo sababli qo‘shnimizning o‘g‘li jigar sirrozi bo‘lib vafot etib ketdi. Bu yerda umuman yashagimiz kelmaydi. Bemalol ovqatlanib ham bo‘lmaydi», deydi Eshmurodova Saodat.

«Bu yerga sanepidiologiya markazidan, favqulodda vaziyatlar vazirligidan ham kelishdi. Ahvol yomon deb dalolatnoma tuzib ketishdi. Lekin natija yo‘q», deydi Qalman Ergashev.

Bu joylarni ko‘zdan kechirar ekanmiz, biror joyda o‘zgarish ko‘zga tashlanmadi. Va'dalar og‘izdagina qolib ketgan ekan. Saytda bu dolzarb muammoni yoritilganidan so‘ng, vaziyatdan ko‘pchilik xabardor bo‘ldi, ko‘plab hamyurtlarimiz vaziyatga o‘z munosabatlarini bildirishdi. Butun mamlakat bu holatga e'tibor qaratdi-yu, va'dalar bergan mutasaddilar uchun muammo muhim deb hisoblanmagan ko‘rinadi.

Berilgan va'dalar yerda qolganiga qaramay, yana Chinoz shahri hokimiyati ostonasida «chaqirilmagan mehmon» bo‘ldik. Bu joyda yaqinda tayinlangan tuman hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari bilan uchrashdik.

«Bu yil hisobidan Chinoz kanalazitsiyasining o‘ziga 10 milliard so‘m ajratilgan. Bu ishlar bosqichma-bosqich olib boriladi. Ustalarini ham aytib qo‘yganmiz. Mablag‘ chiqishi qoldi, xolos. Bu kichkina ish emas. Respublikadan chiqishi bilan hal qilinadi. Bu reja ishlari 3 yildan beri qilinmoqda.

Muammolarni hozirning o‘zida hal etishning iloji yo‘q. Kanalizatsiyani chiqaradigan joy yo‘q. Bu yil 10 milliard so‘mlik ish bo‘ladi. Qisman bo‘ladi, to‘liq bo‘lmaydi», deydi hokim o‘rinbosari Tohir Tojiboyev.

Hokimiyat ostonasidan yana «qo‘ynimiz puch yong‘oqqa to‘lib qaytdi». Yana bu ishlar «kelajakda bajarilishi ko‘zda tutilayotganligi» haqida aytishdi. Bir safar vazirlik, boshqa safar hokimlik shunday va'dalar beradi. Eski rahbarlar ketadi, yangilari keladi. Muammo esa og‘irlashib boraveradi. Chinoz ahli toqat bilan yashayveradi.

Bahodir Ahmedov – muxbir
Muhammadjon G‘aniyev - tasvirchi

Баҳодир Аҳмедов
Tayyorlagan Баҳодир Аҳмедов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid