O‘zbekiston | 12:10 / 24.05.2019
6907
2 daqiqa o‘qiladi

AQShning O‘zbekistondagi yangi elchisi ish boshladi

24 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Amerika Qo‘shma Shtatlarining favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Daniel Rozenblyumni qabul qildi.

«Vazir elchining ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qilar ekan, uni iliq qutladi va mas'uliyatli vazifasini bajarishda muvaffaqiyatlar tiladi.

Suhbat davomida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil may oyida AQShga rasmiy tashrifi hamda oliy va yuqori darajadagi muzokaralar chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish nuqtai nazaridan O‘zbekiston-AQSh munosabatlarini chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi.

Muzokaralarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsion, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanligi tasdiqlandi», deyiladi TIV matbuot xizmati xabarida.

Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik ayrim masalalar ham muhokama qilingan.

AQShning O‘zbekiston Respublikasidagi keyingi favqulodda va muxtor elchisi sifatida ishlagan Pamela Spartlen o‘z vakolatlarini tugatgach, 2018 yilning avgustida AQSh senati Daniel Rozenblyumni yangi elchi etib tasdiqlagan edi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid