Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
London Ummon ko‘rfazida tankerlarga hujum qilinishida Eronni aybladi
Ummon ko‘rfazida tankerlarga qarshi sodir etilgan hujum uchun javobgarlik Eronning Islom inqilobi soqchilari korpusi zimmasida yotadi. Bu haqda Britaniya tashqi ishlar vazirligi bayonotida aytilgan.
“Davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan yoki yo‘q, boshqa hech kim buning uchun javobgar emas. Eron ushbu hujum uchun javobgarligiga ishonchimiz komil”, deb aytilgan bayonotda.
Vazirlik rahbari Jyeremi Xant 13 iyunda sodir etilgan hujumlarni qoralagan. “Bu oxirgi hujumlar Eronning barqarorsizlantiruvchi xatti-harakati modeliga asoslangan va mintaqa uchun jiddiy xavf soladi”, deb aytgan Xant.
Uning ta'kidlashicha, ushbu hodisa fuqarolik kemachiligi xalqaro me'yorlarini buzadi.
“Tanker va ekipajlar xalqaro suvlar orqali xavfsiz o‘ta olishi muhimdir. Biz Eronni barcha barqarorsizlantiruvchi harakatlarni to‘xtatishga chaqiramiz”, deb ta'kidlab o‘tgan Britaniya tashqi ishlar vaziri.
13 iyunda Ummon ko‘rfazida ikkita tanker – Kokuka Courageous va Front Altair’da portlashlar yuz bergan. Portlashlardan keyin tankerlarga o‘t ketgan.
Vashington ushbu hodisada Eronni ayblagan. AQSh davlat kotibi Mayk Pompeoning ta'kidlashicha, Tehronning ushbu hujumga aloqadorligidan kemadagi shikastlar darak beradi. Eron esa bu ayblovlarni rad etmoqda.