Jamiyat | 20:00 / 27.07.2019
39215
2 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda uyi buzilgan odamlarga kompensatsiya pullari tarqatilyapti

Xorazm viloyati markazi Urganch shahrining Ashxobod ko‘chasida yashagan va yerlari davlat ehtiyojlari uchun qaytarib olingan aholiga kompensatsiya pullari tarqatila boshlandi, deb xabar beradi Kun.uz muxbiri.

Avvalroq Chondirqiyot qishlog‘i hududiga ko‘chirib yuborilgan va dalada palatka va chartak (kapa) qurib yashayotgan, ammo 1-2 oydan beri kompensatsiya pulini ololmayotgan aholi va hokimlik o‘rtasida yuzaga kelgan mojaro haqida «Xorazmda uyi buzilgan odamlar norozi bo‘lishdi – viloyat hokimi 10 avgustgacha muammolarni hal qilishga va'da berdi» nomli maqolani e'lon qilgan edik .

27 iyul kuni tushdan keyin Milliy Bankning Urganch bo‘limi xodimlari tomonidan kompensatsiya pullari tarqatila boshlandi. Jarayonni Xorazm viloyatiga tashrif buyurgan O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov ham kuzatdi, aholi bilan uchrashib, suhbatlashdi.

Rejaga ko‘ra, shu bugunning o‘zida 207ta xonadon egasiga kelishuv shartnomasida ko‘rsatilgan kompensatsiya pulining 50 foizi miqdorida, jami 21 milliard so‘m taqsimlab beriladi. 10 avgustgacha esa barcha xonadon egalari bilan 100 foiz hisob-kitob qilinishi rejalashtirilmoqda.

Qayd qilish joizki, fuqarolarga pul mablag‘lari ro‘yxat bo‘yicha tarqatilyapti. Ular tomonidan pulning qabul qilinish jarayoni videokameralar orqali yozib olinyapti.

Xorazm viloyati hokimligi odamlar bilan to‘liq hisob-kitob qilish uchun Respublika budjetidan qo‘shimcha mablag‘larni jalb qilgan. Jami 394ta xonadon egasi 70 milliard so‘mdan ortiq kompensatsiya pulini olishi ko‘zda tutilmoqda.

Mavzuga oid