O‘zbekiston | 13:50 / 27.07.2019
63215
6 daqiqa o‘qiladi

Xorazmda Uyi buzilgan odamlar Urganch-Xonqa yo‘lini to‘sib qo‘ydi – viloyat hokimi 10 avgustgacha muammolarni hal qilishga va'da berdi

2019 yil may-iyun oylarida Xorazm viloyati, Urganch shahri Ashxobod ko‘chasidagi yerlarni davlat ehtiyoji uchun qaytarilishi munosabati bilan buzib olish va odamlarni ko‘chirish ishlari boshlandi.

Urganch shahrining bosh rejasiga asosan Ashxobod mahallasi sanoat mintaqasi hududi hisoblanadi. Bu yerga 50-60 yil avval aholi ko‘chib kelib, uy-joy qurib, o‘rnashib qolgan. Hozirda 400ga yaqin xonadonda yashovchi aholining uy-joylari buzib olinib, Urganch tumani Chondirqiyot qishlog‘idan yer ajratib berilgan va to‘liq ko‘chirib yuborilgan.

Biroq, xonadon egalarining ba'zilariga kompensatsiya puli qisman bo‘lsa-da berilmadi. Natijada, aholi va shahar hokimligi o‘rtasida katta mojaro kelib chiqdi. Bu haqda «Ochiq osmon ostida yashayotgan xorazmliklar. Shahar hududida «snos» ishlari avjiga chiqmoqda» degan maqolamizda yoritgan edik.

26 iyul kuni Chondirqiyot qishlog‘i hududiga ko‘chirib yuborilgan va dalada palatka va chartak (kapa) qurib yashayotgan, ammo 1-2 oydan beri kompensatsiya pulini ololmayotgan aholining sabr kosasi to‘lgan. Shu kuni soat taxminan 21:00da ular Urganch – Xonqa yo‘lining qatnov qismini to‘sishdi.

Natijada, bir necha soat davomida katta qatnov yo‘lidan avtomobillar harakati to‘xtab qoldi.

Mojaroning kelib chiqishi kompensatsiya pulining berilmasligi, berilsa ham uning miqdori juda oz bo‘lgani bilan bog‘liq. Gap shundaki, 26 iyul kuni Milliy Bank tomonidan bu fuqarolarga kompensatsiya puli tarqatila boshlagan. Biroq, uning miqdori kelishuv shartnomasida ko‘rsatilgan qiymatning atigi 8 foizi ekani ma'lum bo‘lganidan so‘ng, aholi orasida norozilik kayfiyati kuchaygan. Chunki fuqarolar va Urganch shahar hokimligi o‘rtasida tuzilgan kelishuv shartnomasida kompensatsiya puli ikki qismga bo‘linib (50 foizdan) to‘lanishi belgilangan edi.

Kompensatsiya pulining dastlabki qismi juda oz miqdorda ekani odamlarni norozi qilgan. Ular Urganch shahar hokimi Shuhrat Abdullayevning kelishini, kelishuv shartnomasiga amal etishini talab qila boshlaganlar. Tartibsizliklar natijasida qurilish ketayotgan hududda o‘rnatilgan va bo‘sh turgan bir necha palatkalar buzib tashlangan. Shundan so‘ng, Urganch – Xonqa yo‘lining bir qismi odamlar tomonidan to‘silgan.

Shundan so‘ng Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov voqea joyiga yetib keldi. U aholini tinchlantirib, 27 iyul kuni ertalab soat 8-00da shu joyning o‘zida ishchi guruhini tuzib, aholi vakillari bilan muzokara o‘tkazib, muammolarning yechimini topishga va'da berganidan so‘ng odamlar tarqala boshladi. Soat taxminan 23:30da Urganch – Xonqa yo‘li ochildi va transport vositalarining harakati tiklandi.

Qayd qilish joizki, voqea joyida bu ishlarga aloqasi bo‘lmagan taksi haydovchisi moddiy tarafdan jabrlandi. Uning avtomashinasiga noma'lum shaxslar tomonidan zarar yetkazildi. Shuningdek, yoshi ulug‘ keksalardan bir necha nafarining qon bosimi oshib ketgan, ularga shu joyda tibbiy yordam ko‘rsatildi. Jismonan jabrlanganlar bo‘lmadi.

27 iyul kuni Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov va'da qilganidek ertalab soat 8-00da Chondirqiyot qishlog‘iga kelib, aholi bilan uchrashdi, ularning muammolarini tingladi va ishchi guruhini tuzdi.

Viloyat rahbariga peshvoz chiqqan odamlar o‘z muammolarini bayon qilishdi. Xususan, yer ajratish va kompensatsiya miqdorini belgilash jarayonida adolatsizlik qilingani, uyda yashovchi oilalar soni e'tiborga olinmagani, kompensatsiya pulidan ma'lum qismi ushlab qolingani, shu paytgacha pul berilmagani, uy-joylar shoshma-shosharlik bilan buzib tashlangani, natijada odamlar o‘z uyidan chiqqan qurilish materiallarini olib chiqib ketolmaganini, 2 oydan beri ochiq osmon ostida yashab, sovuq kunlar yaqin qolishiga qaramay, hanuzgacha uy-joylarini tiklab olishga imkon topolmayotganidan shikoyat qilishdi.

Farhod Ermanov har bir xonadon vakili bilan uchrashib, ajratilgan yerning miqdoridan norozi bo‘lganlarga, nogironligi bor shaxslarga, homilador ayollari bor oilalarga qo‘shimcha yer ajratish, kompensatsiya pulidan 10 foiz miqdoridagi mablag‘ni ushlab qolinishini bekor qilish haqida ko‘rsatma berdi.

Bundan tashqari, 27 iyul kuni 5 milliard so‘m miqdorida kompensatsiya puli ro‘yxat bo‘yicha tarqatilishi, 1 avgustgacha yana 15 milliard so‘m berilishi, natijada hamma 50 foiz miqdoridagi kompensatsiya pulini olishi, 10 avgustgacha esa barcha xonadon egalari bilan kompensatsiya miqdori 100 foiz hisob-kitob qilinishi haqida va'da berdi.

Shuningdek, uy-joy qurish uchun sement va shag‘al toshni bozor narxidan 10 foiz arzon qilib berilishi, qumni va ishchi kuchini esa bepul berilishini aytdi.

Umid qilamizki, Xorazm viloyati hokimligi muammolarni bartaraf qilish bo‘yicha berilgan barcha va'dalarni bajaradi va odamlarni rozi qiladi. Kun.uz voqealar rivojini kuzatib boradi.

Mavzuga oid