O‘zbekiston | 10:28 / 14.08.2019
15970
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Malayziya universiteti filiali ochiladi

Foto: Shutterstock

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni tashkil qilish tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar, shuningdek, tadbirkorlik sub'yektlarining moliyaviy resurslar va ishlab chiqarish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Sirdaryo viloyati hokimligi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda viloyatning oliy o‘quv yurtlariga o‘tkazilayotgan kasb-hunar kollejlari negizida, shu jumladan, xususiy sektor ishtirokida tadbirkorlik, marketing va biznesni boshqarish kabi biznes yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qitish uchun O‘zbekistonda “Binary” (Malayziya) xalqaro menejment va tadbirkorlik universitetining filialini ochish masalasini ko‘rib chiqadi.

O‘zbekiston Respublikasining bosh vaziri A.Aripov bir oy muddatda kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan dolzarb muammolarni muhokama qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari huzurida faol tadbirkorlar, huquqshunoslar va jamoatchilikning boshqa vakillari orasidan jamoatchilik kengashlari tuzilishini hamda ushbu kengashlar to‘g‘risidagi namunaviy nizom tasdiqlanishini ta'minlaydi.

Belgilanishicha, tadbirkorlarning jamoatchilik kengashlari yig‘ilishlarida aytilgan (taqdim etilgan) takliflari va tashabbuslari keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlarning murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ularning amalda bajarilishini ta'minlash maqsadida muntazam ravishda Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligiga yuboriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimlariga tashkil etiladigan jamoatchilik kengashlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid