O‘zbekiston | 15:55 / 16.08.2019
89723
3 daqiqa o‘qiladi

Mo‘g‘ulistondan keltirilayotgan go‘sht halolmi? «O‘zstandart» vakili javob berdi

Bugun, 16 avgust kuni Milliy matbuot markazida O‘zbekistonda «Halol» standartlarining joriy qilinishi hamda sertifikatlashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda endilikda O‘zbekistonda ham «Halol» standarti bo‘yicha sertifikatlar olish uchun huquqiy asos yaratilib, barcha mexanizmlar ishlab chiqilgani to‘g‘risida ma'lumot berildi.

Ma'lum qilinishicha, «Halol» standarti talablariga muvofiqlikni ta'minlash uchun akkreditlangan sinov laboratoriyasini tashkil etish uchun 2-3 mln dollar atrofida mablag‘ talab qilinadi. Shuningdek, jarayonda mahalliy diniy tashkilotlar vakillari ishtirok etishi maqsadga muvofiq sanaladi. «Halol» standarti bo‘yicha sertifikat olgan mahsulot eksportga jo‘natilganda yoki mahalliy bozorda bu standartga mos kelmasligi aniqlansa, mamlakat va qator tashkilotlar nufuziga katta putur yetadi.

Mo‘g‘ulistondan import qilinayotgan go‘sht mahsuloti «Halol» standarti talablariga muvofiq kelish-kelmasligi haqidagi savolga «O‘zstandart» agentligi bosh direktori o‘rinbosari Jasur Shukurov javob berdi.

«Mo‘g‘ulistondan kirib keluvchi go‘sht mahsulotida «Halol» sertifikati yo‘q va bunday talab ham qo‘yilmagan. Chunki barcha xaridorlar ham bu jihatga e'tibor bermaydi. Lekin bu iste'molga yaroqsiz degani emas, agar mahsulot sanitar-gigiyenik talablarga mos kelsa, u sotuvga chiqarilaveradi. Iste'molchining o‘zi tanlab olaveradi», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

«Shu paytga qadar O‘zbekistonda «Halol» sertifikatini olish imkoniyati yo‘q edi. Ehtiyojmand tadbirkorlar bu sertifikatni xorijdan olib kelishgan. Xorijiy sertifikatlar bizda tan olinadimi, endi ularning maqomi qanday bo‘ladi?» deya savol berilganida Standartlar instituti halol sertifikatlash agentligi rahbari Sunnat Saidov javob qaytardi: «Biz xorijdan olingan ayrim sertifikatlar bo‘yicha tekshirish o‘tkazganimizda ba'zi ishonchsiz idoralar tomonidan «Halol» sertifikatlari berilgan holatlar aniqlandi, hatto berilgan tashkilotning o‘zi yo‘q bo‘lib chiqqan holatlar ham bo‘ldi. Demak, endi tadbirkorlarimiz o‘z qonunchiligimizga, o‘z talablarimizga, diniy idoramiz nazorati ostida sertifikat  olishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi».

«O‘shanday «shubhali» sertifikat ostida mahsulot tarqatayotgan ishlab chiqaruvchilar haqida rasmiy ma'lumot berilganmi?» degan savol ochiq qoldirildi.

Mavzuga oid