Jahon | 21:06 / 17.08.2019
4557
1 daqiqa o‘qiladi

AQSh Huawei litsenziyasini yana 90 kunga uzaytirishni rejalashtirmoqda

Foto: China Stringer Network / Reuters

AQSh savdo vazirligi Huawei kompaniyasining AQSh mahsulotlarini sotib olishga bo‘lgan litsenziyasini yana 90 kunga uzaytirishni mo‘ljallamoqda. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib Reuters xabar berdi.

Agentlikning ma'lum qilishicha, AQSh hukumati so‘nggi marta bergan litsenziya muddati 19 avgust kuni tugaydi. Suhbatdoshlarning so‘zlariga ko‘ra, AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo muzokaralarida muhim o‘ringa ega bo‘lgan Huawei uchun litsenziya masalasi bo‘yicha qaror dushanbagacha o‘zgarishi mumkin.

Agentlikning yozishicha, dam olish kunlari AQSh prezidenti Donald Tramp va XXR raisi Si Tszinpin telefon orqali o‘zaro muloqotda Huawei masalasini muhokama qiladi.

AQSh may oyida Huawei kompaniyasini qora ro‘yxatga kiritgandi. Kompaniyaga 90 kunga litsenziya berilgan bo‘lib, ushbu muddat tugaganidan so‘ng kompaniya Qo‘shma Shtatlarni tark etishi lozim. 

Mavzuga oid