O‘zbekiston | 17:17 / 18.09.2019
7713
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Anqara ko‘chasi paydo bo‘lishi mumkin

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Anqara shahri hokimi Mansur Yavash boshchiligidagi delegatsiya bilan muzokaralar o‘tkazdi. 

Poytaxt hokimligi xabariga ko‘ra, o‘zaro muloqot davomida ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilingan.

Anqara shahri hokimi savdo-iqtisodiy va investitsiya aloqalari kengayib borayotganligiga e'tibor qaratib, hozirda O‘zbekistonda 500 ga yaqin turk firma va kompaniyalari faoliyat yuritayotgani, o‘zaro savdo aylanmasi 2 mlrd. AQSh dollariga yetganligini aytib o‘tdi.

Xabarda bildirilishicha, ikki shahar hokimlari qardoshlik, o‘zaro hamjihatlik va hamkorlikni yanada yangi pog‘onaga olib chiqishga xizmat qiluvchi muhim hujjat “Birodarlashuv aloqalarini o‘rnatganlik haqida”gi memorandumni imzolashdi.

Mansur Yavash ayni paytda Anqarada O‘zbekiston nomli 3 ta, Toshkent deb yuritiluvchi 12 ta, Samarqand nomli 8 ta va Buxoro deb ataluvchi 11 ta ko‘cha borligini aytib, o‘zaro do‘stlik va birodarlik timsoli sifatida Toshkentdagi ko‘chalarning birini Anqara deb nomlashni taklif etdi, deyiladi ma'lumotda.

Mavzuga oid