O‘zbekiston | 08:32 / 27.09.2019
6915
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda o‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlanadi

Foto: Blessed Travel

Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasida 2030 yilgacha bo‘lgan muddatda o‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasida 2030 yilgacha bo‘lgan muddatda o‘rmon xo‘jaligini rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlanishi mumkin. 

Qayd etilishicha, o‘rmon xo‘jaligini yuritishning eng yangi texnologiyalarini tahlil qilish asosida o‘rmon xo‘jaligi va o‘rmon tayyorlash mashinalari tizimining strukturasi asoslab berildi va tavsiya etiladi. Uni tatbiq etish O‘zbekiston o‘rmon xo‘jaliklarida o‘rmonlarning mahsuldorligini oshirish, mahsulot sifatini yaxshilash va energo-resurslarni tejash imkonini beradi.

O‘rmon xo‘jaligini intensivlashtirish, o‘rmon ekinlarini yetishtirish va yog‘och tayyorlash bo‘yicha ratsional texnologiyalar asosida o‘rmon xo‘jaligi yuritishning yangi usullarini ishlab chiqish, shuningdek, ishlab chiqarish jarayonlarini kompleks mexanizatsiyalashtirish kabilarni ko‘zda tutadi. Birinchi navbatda, bu konsepsiya o‘rmon xo‘jaligi uchun mashinalar tizimini rivojlantirish, o‘rmon resurslarini tiklashni tezlashtirishga va o‘rmon xo‘jaligi tadbirlarini o‘tkazishni jadallashtirish yo‘li bilan mahsuldorlikni oshirishga, ayni paytda mehnat xarajatini kompleksli mexanizatsiyalashtirishni qo‘llash yo‘li bilan kamaytirishga yo‘naltirilgan.

O‘zbekiston o‘rmon xo‘jaliklarini barqaror rivojlantirish uchun mashinalar tizimini kelgusida rivojlantirish konsepsiyasi mamlakatning balanslashtirilgan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi umumiy strategiyasining muhim qismi hisoblanadi va o‘rmon xo‘jaligi ishlarini mexanizatsiyalashtirish uchun mashinalar tizimini rivojlantirishni nazarda tutadi. Konsepsiya o‘rmonchilik tarmog‘i uchun mashinasozlikni rivojlantirish dasturini shakllantirishning asosi hisoblanadi hamda u o‘rmon mashinalari texnologik modellar va jihozlarni ishlab chiqish hamda tayyorlash ishlariga qaratilgan.

Natijada o‘rmonchilik sohasini serdaromadligini oshirilishi hisobiga xo‘jaliklarning moddiy-texnik bazasi rivojlantiriladi, o‘rmon fondi yerlarida o‘rmon barpo etish ishlari jadallashadi, o‘rmondan qo‘shimcha foydalanishda mahsulot turlari va ularning yetishtirish hajmlari oshadi, sohada amalga oshiriladigan tadbirlarga ilmiy yondashish ortadi, cho‘llanish va tuproq, suv hamda shamol erroziyasiga qarshi kurashish faollashadi, ekoturizm va ovchilik sohasi samaradorligi oshadi, dorivorchilik rivojlanadi, ishchilarning mehnatiga haq to‘lash oshadi hamda ularning ijtimoiy ko‘llab-quvvatlash tadbirlari amalga oshiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid