Jahon | 08:57 / 03.10.2019
8076
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Yevropa Ittifoqi tovarlariga boj to‘lovlari kiritmoqda

Foto: RIA Novosti

Vashington Jahon savdo tashkilotining AQSh Yevropada ishlab chiqarilgan tovarlarga boj kirita olishi haqidagi qaroridan keyin ularga 18 oktyabrdan bir qator bojlar kiritmoqda.  

Xususan, AQSh Yevropa Ittifoqida ishlab chiqarilgan samolyotlarga 10 foizlik, boshqa mahsulotlar, jumladan sanoat va qishloq xo‘jaligi tovarlariga 25 foizlik boj kiritmoqda. 

AQSh savdo vazirligi xodimining ta'kidlashicha, JSTning qarori Vashingtonga 100 foizlik boj kiritish huquqini beradi. Ammo AQSh Yevropa Ittifoqi bilan aviatsiya sohasidagi kelishmovchiliklarni hal qilishni istayotgani sababli bunday keskin choralarga bormagan.

AQSh bojlar ostiga tushuvchi tovarlar ro‘yxatini keyinroq e'lon qilishi kutilmoqda. 

JST 2 oktyabrda Yevropa Ittifoqi tomonidan Airbus SE aviasozlik konserni noqonuniy moliyalashtirilganiga javoban AQShga Yevropaning 7,5 mlrd dollarlik tovarlariga bojlar kiritishga ruxsat bergan. 

Ta'kidlanishicha, JSTning bu qarori AQSh prezidenti Donald Tramp ma'muriyatining savdo urushida yangi frontni ochadi. 

Yevropa Ittifoqi o‘z navbatida Vashingtongni Boeing’ni moliyalashtirishda ayblab, bu boradagi bahs JSTda 15 yildan beri davom etib keladi. 

JSTning qaroridan keyin Yevrokomissiya vakili Sesiliya Malmstryom AQSh Yevropa Ittifoqiga nisbatan savdo choralari ko‘rsa, Yevropa Ittifoqi ham javob choralari ko‘rishini aytgan.

Mavzuga oid