Jahon | 00:31 / 14.10.2019
40687
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston prezidentining 21 yoshli o‘g‘li hayotidagi ilk lavozimga tayinlandi – OAV 

Foto: president.tj

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning kenja o‘g‘li – 21 yoshli Somon Imomali “Talko Kabel” alyuminiy kompaniyasi bosh direktori o‘rinbosari etib tayinlandi. Somon mehnat faoliyatidagi ushbu birinchi lavozimni Tojik milliy universitetini bitirishi bilanoq oldi, deb xabar berdi “Axbor” nashri.

Nashr manbalaridan birining ma'lumotlariga ko‘ra, Tojikiston prezidentining o‘g‘li ushbu lavozimda 3 oydan beri ishlamoqda.  

“Aslida, uni bu yerga amaliyot o‘tash va tajriba orttirish uchun yuborishgan. O‘z vaqtida prezidentning to‘ng‘ich o‘g‘li Rustam Imomali o‘z mehnat faoliyatini yoshlar ishlari bo‘yicha qo‘mita va iqtisodiy rivojlanish va savdo vazirligida boshlagan. U so‘ngra bojxona xizmati va aksilkorrupsion agentlikdagi rahbarlik lavozimlariga olingan”, deb aytgan manba.

Boshqa manbaning xabar berishicha, Somon Imomali ham iqtisodiy rivojlanish va savdo vazirligida amaliyot o‘tamoqda, biroq u yerda rasman qayd qilinmagan.  

2017 yil 8 martda Tojikiston prezidenti matbuot xizmati Somonning bir nechta suratlarini ilk bor e'lon qilgan. Suratlardan birida uning otasi Imomali Rahmon va akasi Rustami Imomali bilan birgalikda Dushanbeda ko‘chat o‘tqazish tadbirida ishtirok etayotgani tasvirlangan bo‘lgan. 

Tojikiston prezidentining 7 qizi va 2 o‘g‘li bor. Ulardan aksariyati yuqori lavozimlarni egallaydi. Imomali Rahmonning 2-qizi Ozoda Rahmon prezident apparatini boshqaradi, to‘ng‘ich o‘g‘li Rustami Imomali poytaxt Dushanbega merlik qiladi. Rahmonning 4-qizi Ruhshona Rahmonova tashqi ishlar vazirligining bo‘limlaridan birida boshliq, 6-qizi Zarina Rahmon respublikaning eng yirik banklaridan biri hisoblangan “Oriyonbank”da rahbar o‘rinbosari lavozimida ishlaydi.

Mavzuga oid