Jamiyat | 14:08 / 18.10.2019
33470
2 daqiqa o‘qiladi

OTMda «yurisprudensiya» yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olish imkoniyati oshirilishi mumkin

Oliy ta'lim muassasalarida “yurisprudensiya” ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olish imkoniyatini oshirish taklif qilinmoqda. Bu haqda “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida petitsiya joylashtirildi.

“Hozirgi kunda “yurisprudensiya” ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha respublikamizning 3 ta oliy ta'lim muassasasi (Toshkent davlat yuridik universiteti, Qoraqalpoq davlat universiteti hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetlari)da o‘qish imkoniyati mavjud”, - deb yozadi murojaat muallifi. 

Bildirilishicha, ularda talabalar hozirda faqat kunduzgi ta'lim shaklida o‘qitilmoqda. Shuningdek, yurisprudensiya yo‘nalishida sirtqi ta'lim shaklida o‘qitish hech joyda mavjud emas. 

“Mazkur yo‘nalishni boshqa oliy ta'lim muassasalarida (yo‘nalishlariga mos bo‘lgan oliy ta'lim muassasalarida) ham tashkil etish masalasi o‘rganib chiqilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Oldinlari O‘zbekiston milliy universiteti, Farg‘ona, Namangan va Samarqand davlat universitetlarida yurisprudensiya ta'lim yo‘nalishi mavjud edi”, - deyiladi petitsiyada. 

Ta'kidlanishicha, hozirda ko‘pchilik yoshlar “yurisprudensiya” ta'lim yo‘nalishida o‘qish va oliy ma'lumotga ega bo‘lishni istaydi. Aholining, jismoniy va yuridik shaxslarning oliy ma'lumotli, yuqori malakali yuridik kadrlarga ehtiyoji ham yil sayin ortmoqda.

“Yuqoridagilarni inobatga olgan holda “yurisprudensiya” ta'lim yo‘nalishini kunduzgi va sirtqi ta'lim shakllarida respublikamizning boshqa oliy ta'lim muassasalarida ham ochish imkoniyatini yaratishni taklif qilamiz”, - deya yakunlangan murojaat.

Mavzuga oid