O‘zbekiston | 18:52 / 19.10.2019
10946
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi Yodju Texnika instituti tashkil etilganiga 1 yil bo‘ldi

2019 yil 18 oktyabrda Toshkent shahridagi Yodju Texnika instituti tashkil etilganining bir yilligi munosabati bilan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Mazkur institut O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 22-24 noyabrda J.Koreyaga davlat tashrifi munosabati bilan O‘zbek-Koreya biznes forumi doirasida imzolangan memorandumga muvofiq Toshkent shahrida tashkil etilgan edi. 

2018 yil 24 iyulda Toshkent shahridagi Yodju Texnika instituti O‘zbekiston Respublikasida oliy ta'lim berishni amalga oshirish huquqini beruvchi davlat litsenziyasini oldi hamda respublikadagi ilk xususiy oliy ta'lim maskani sifatida qayd etildi. 

Institutning ta'lim dasturlari janubiy koreyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda Koreyadagi fan va texnologiyalar yutuqlari inobatga olingan holda tayyorlangan. Oliy ta'lim maskanida nazariy bilimlar chuqur o‘rgatilishi qatorida talabalarning amaliy ko‘nikmalarini ham rivojlantirishga jiddiy e'tibor qaratiladi. Bundan tashqari, talabalarda tanqidiy-tahliliy fikrlash qobiliyati mustahkamlanadi. 

Institutda quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash amalga oshiriladi:
- Arxitektura va shaharsozlik;
- Fuqarolik qurilishi;
- Muqobil energiya;
- Biznesni boshqarish;
- Turizm;
- Xalqaro iqtisodiy munosabatlar;
- Xalqaro marketing;
- Boshlang‘ich ta'lim;
- Maktabgacha ta'lim;
- Koreys tili filologiyasi; 
- Go‘zallik estetikasi va liboslar dizayni.

Institut tashkil etilganligining 1 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralari, respublikadagi xalqaro tashkilotlar vakillari, Koreya Respublikasidagi Yodju Texnologiya instituti rahbariyati va professorlari, OAV vakillari, talabalar va ularning ota-onalari ishtirok etdi. 

Bayramona kayfiyatda bo‘lib o‘tgan tadbir Toshkent shahridagi Yodju Texnika institutining bosh o‘quv binosida tashkil etildi. Unda institut rahbariyati va hamkorlari o‘z tilaklarini izhor qilishdi, kuy-qo‘shiqlar yangradi. 

Ta'kidlash o‘rinliki, mazkur o‘quv binosi barcha zamonaviy talablar va arxitektura yechimlari inobatga olingan holda barpo qilingan. Institutning barcha auditoriyalari zaruriy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan bo‘lib, ta'lim jarayonida zamonaviy pedagogika texnologiyalari qo‘llaniladi. 

Institut quyidagi manzilda joylashgan: Toshkent shahri, Yakkasaroy tumani, Usmon Nosir ko‘chasi, 156-uy. 

Mavzuga oid