O‘zbekiston | 11:54 / 06.11.2019
4390
2 daqiqa o‘qiladi

Norvegiya Orol dengizi mintaqasi uchun Trast fondiga qo‘shimcha mablag‘ ajratadi

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Norvegiya Qirolligining Tashqi ishlar vazirligi davlat kotibi A.Xalvorsen boshchiligidagi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv chog‘ida mavjud foydalanilmagan imkoniyatlarni hisobga olgan holda ikki mamlakat o‘rtasidagi sarmoyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Tomonlar qurilish materiallari ishlab chiqarish, farmatsevtika, yengil sanoat, energetika va axborot texnologiyalari sohasidagi sheriklikni yanada chuqurlashtirish, shuningdek, Norvegiyaga O‘zbekiston meva-sabzavot va to‘qimachilik mahsulotlarini yetkazib berishni tashkil etish bo‘yicha hamkorlikning aniq sxemalarini ko‘rib chiqdilar.

Norvegiya tomoni O‘zbekiston hukumatining Jahon savdo tashkilotiga (JST) a'zo bo‘lish jarayonini faollashtirish orqali O‘zbekiston hukumatining jahon savdo tizimiga kirish borasidagi sa'y-harakatlarini olqishladi.

Norvegiya ishbilarmon doiralarining 2020 yilda Toshkent xalqaro investitsiya forumi ishida ishtirok etish istiqbollari muhokama qilindi.

Norvegiya tomoni BMT shafeligida Orol dengizi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik Trast fondi faoliyatini moliyalashtirish doirasida qo‘shimcha mablag‘ ajratishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida kelgusi yilning bahorida norvegiyalik mutaxassislarni turli sohalarda, xususan sog‘liqni saqlash sohasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq takliflarni ishlab chiqish uchun O‘zbekistonga yuborish to‘g‘risida kelishib olindi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid