O‘zbekiston | 22:15 / 06.11.2019
42569
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zdonmahsulot» qolipli non narxi oshgani to‘g‘risidagi xabarga izoh berdi

«O‘zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasi tizimidagi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan qolipli non mahsulotlari barcha turdagi iste'molchilarga pul ko‘chirish va turg‘un savdo shoxobchalari orqali yetkazib berilmoqda.

Avvalroq 4 noyabrdan O‘zbekistondagi ayrim do‘kon va bozorlarda qolipli (buxanka) non 1,6 ming so‘mdan 1,9 ming so‘mgacha narxda sotilayotgani xabar qilingandi. Kun.uz muxbirlari ma'lumotlariga ko‘ra, ko‘plab joylarda «buxanka» narxi 100-200 so‘mga oshgan. Jumladan, ba'zi do‘konlarda buxanka 1,6 ming so‘mdan, bozorlarda esa 1,7 ming so‘mdan sotilmoqda.

«O‘zdonmahsulot» kompaniyasi matbuot xizmatining ma'lumot berishicha, aksiyadorlik kompaniyasi tizimidagi 44ta don korxonalari tarkibida 109ta non ishlab chiqaruvchi korxona va sexlar mavjud bo‘lib ular asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda joylashgan. Toshkent shahrida non va non mahsulotlari ishlab chiqarilishi, sotilishi va ta'minoti ustidan nazorat olib borish «Toshkent non» uyushmasi tomonidan amalga oshiriladi.

«Shuni alohida ta'kidlash lozimki, «O‘zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasi tizimidagi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan qolipli non mahsulotlari barcha turdagi iste'molchilarga pul ko‘chirish va turg‘un savdo shoxobchalari orqali yetkazib berilmoqda va ushbu narxlar ishlab chiqarish xarajatlaridan kelib chiqib shakllantirilgan», - deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Eslatib o‘tamiz, «buxanka» narxi oxirgi marta joriy yilning 15 oktyabrida oshgandi. O‘shanda u 1,3-1,5 ming so‘mdan sotila boshlangan. Bungacha esa uning narxi bir necha yil davomida 600-650 so‘m atrofida bo‘lib, 2018 yil sentyabrdagina oshirilgandi.

Mavzuga oid