8 iyun kuni “O‘zdonmahsulot” akssiyadorlik kompaniyasining Toshkent shahridagi bug‘doyni qayta ishlashga mo‘ljallangan korxonasiga press-tur uyushtirildi.
Tadbir davomida jurnalistlarga bug‘doyni un shakliga keltirib, uni turli vitaminlar bilan boyitgan holda tadbirkorlarga yetkazib berish jarayonlari, O‘zbekistonning g‘alla zahirasi, o‘zbek unining sifati va birjaga chiqarilayotgan g‘alla bo‘yicha ma’lumotlar berildi.
“O‘zdonmahsulot” korxonalari tomonidan kuniga 10 ming tonna un mahsulotlari birja savdolariga chiqarilmoqda. Respublikamizda g‘allaga bo‘lgan talab yuqori bo‘lgani bilan, yetarli darajada zaxiramiz bor. Ya’ni butun mamlakatda 3 yoki 3,5 mln tonna unga ehtiyoj bor, “zapasi”miz esa bundan 1,5 barobarga ko‘p. Shuning uchun zaxira to‘g‘risida gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas”, dedi “Toshkentdonmahsulotlari” AJ Ishlab chiqarish amaliyoti rahbari Ziyovuddin Muqimov.

Tadbirda qozoq va o‘zbek unlarining sifati haqidagi savolga ham javob berildi.
“Bug‘doyimizning sifati qozoqnikidan kam emas, davlat standartlari bor, mana shu standartlariga u to‘liq javob beradi. Agar un mahsuloti, bug‘doy emas, un shu talablarga javob bermaydigan bo‘lsa, ishlab chiqaruvchilar tomonidan kamchilik o‘tgan bo‘lishi mumkin”, – dedi Ziyoviddin Muqimov.
U o‘zbek unining sifatiga qaramay, qozoq uniga talab yuqoriligini quyidagicha izohladi.
“O‘zbekistonda 100dan ortiq xususiy tegirmonlar bor. Shu kungacha xususiy tegirmonlarga davlat tomonidan yetishtirilgan g‘allani olishga ruxsat yo‘q edi. Bu jarayonda mahsulotlari faqatgina “O‘zdonmahsulot” AK tarkibidagi korxonalarga berilar edi. Endi 160 ta xususiy tegirmonlar ham ishlashi kerakmi? Qayerdan oladi ular xomashyoni? Tabiiyki, Qozog‘istondan oladi,
Qozoq bug‘doyi nafaqat ichki bozorga olib kiryapmiz, balki boshqa mamlakatlarga ham eksport qilinmoqda. Ishlab chiqaruvchi mana shu bug‘doyni sotib olib, undan un tayyorlab, qo‘shni Afg‘onistonga va boshqa mamlakatlarga sotmoqda. Shuning uchun davlat korxonalari uchun ham, xususiylar uchun ham yetarli darajada “obyom” bor. Axir, bu – respublikamiz iqtisodiyotiga foyda-ku. Qozoq bug‘doyi import qilinganda chorva mollari uchun kerakli kepak o‘zimizda qolyapti”.









