O‘zbekiston | 10:27 / 07.11.2019
10090
5 daqiqa o‘qiladi

«Barkamol avlod» bolalar maktablari xodimlarining oyligi oshiriladi

Xalq ta'limi vazirligi tizimidagi maktabdan tashqari ta'lim tizimining huquqiy va tashkiliy asoslari takomillashtiriladi. Hukumatning bu haqdagi tegishli qarori loyihasi e'lon qilindi.

Hujjatga ko‘ra, 2020 yil 1 yanvardan boshlab:

“Barkamol avlod” bolalar maktablari xodimlarining bazaviy tarif stavkalari - direktor va direktor o‘rinbosarlari uchun 1,55 baravarga, to‘garak rahbari uchun 1,5 baravarga oshiriladi;

“Barkamol avlod” bolalar maktablari instruktor-uslubchilari va uslubchilarning bazaviy tarif stavkalari miqdorlari to‘garak rahbarlari bazaviy tarif stavkalari miqdoriga tenglashtiriladi, ularning mehnatiga haq to‘lash tartibi bazaviy tarif stavkalaridan kelib chiqib amalga oshiriladi;

“Barkamol avlod” bolalar maktablarini maxsus asbob-uskunalar va jihozlar bilan ta'minlash ishlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida “Ta'lim” sohasi uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida va “Barkamol avlod” bolalar maktablarining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi xalq ta'limi vaziriga:

“Barkamol avlod” bolalar maktablari va “Bolalar kutubxonalari” tasdiqlangan tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy soni doirasida o‘zgartirishlar kiritish;

xalq ta'limi tizimidagi umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta'lim muassasalari uchun o‘quvchilarning muhandislik, robototexnika, mexatronika va dasturiy ta'minot yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarda foydalanish hamda innovatsion ishlanmalarni amalga oshirish yuzasidan respublikada ishlab chiqarilmaydigan, xorijdan olib kelinadigan xomashyolar va jihozlar ro‘yxatini tasdiqlash huquqi beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'lim vazirligi:

Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabi, “Barkamol avlod” bolalar maktablari, Respublika “Bolalar kutubxonasi”, “Bolalar kutubxonalari”ni yuqori malakali mutaxassislar (to‘garak rahbarlari, kutubxonachilari, instruktor-uslubchilari, uslubchilar va boshqa) bilan ta'minlash choralarini ko‘radi;

Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda A. Avloniy nomidagi Xalq ta'limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutining Maktabdan tashqari ta'lim tizimi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish kafedrasi tomonidan har yili nufuzli xorijiy ta'lim muassasalari professor-o‘qituvchilarini jalb etish orqali, ular ishtirokida anjumanlar, vebinar, amaliy mahorat va namunali o‘quv darslarini o‘tkazadi hamda o‘quv va ilmiy-tadqiqot ishlari yuzasidan hamkorlik o‘rnatadi;

maktabdan tashqari ta'lim muassasalaridagi ta'lim-tarbiya jarayoni sifatini tizimli nazorat qilish va faoliyatini tashkil qilish monitoringini amalga oshiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan birgalikda 2020 yil 1 martga qadar 2020-2021 o‘quv yili uchun xalq ta'limi sohasida bo‘lgan ehtiyojni inobatga olgan holda oliy ta'lim muassasalarida “Kutubxonachilik” yo‘nalishi bo‘yicha ajratiladigan kvotalar sonini oshirishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

“Barkamol avlod” bolalar maktablari, “Bolalar sayyohlik bazalari” va “Bolalar kutubxonalari”ni yangidan qurish uchun maydonlarni tanlashda tasdiqlangan me'yor va parametrlarga muvofiq, qoida tariqasida, tuman va shaharlarning markazida, turar-joy massivlarida joylashtirilishini hisobga oladi;

tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda umumta'lim muassasalari kutubxonalarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash bo‘yicha 5 ta muhim tashabbus doirasida zarur bo‘lgan jihozlar bilan ta'minlash choralarini ko‘radi;

2020 - 2022 yillarda bolalar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish maqsadida ko‘chma kutubxonalar (biblioteka) faoliyatini yo‘lga qo‘yish choralarini ko‘radi.

Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabi bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish, 200 o‘rinli “Bolalar sayyohlik bazasi”ni qurish va jihozlash bilan bog‘liq ishlarning bajarilishi bo‘yicha quyidagilar:

Xalq ta'limi vazirligi huzuridagi “Xalq ta'limi sohasida loyiha hujjatlariga texnik topshiriqlarni ishlab chiqish va qurilish obektlari sifatini monitoring qilish bo‘yicha injiniring kompaniyasi” DUK — buyurtmachi;

“Rrime Tower Group” MChJ — bosh loyiha tashkiloti;

istisno tariqasida, “Xalq ta'limi sohasida loyiha hujjatlariga texnik topshiriqlarni ishlab chiqish va qurilish obektlari sifatini monitoring qilish bo‘yicha injiniring kompaniyasi” DUKga tanlov (tender) savdolarini tashkillashtirmasdan eng yaxshi takliflarni tanlab olish yo‘li bilan yuqori salohiyatga ega bo‘lgan bosh pudratchi tashkilotini belgilash huquqi beriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid