Jamiyat | 21:57 / 05.12.2019
42585
2 daqiqa o‘qiladi

Islombek To‘laganov kollejdagi o‘qishini davom ettirmoqda

Toshkent tibbiyot kolleji talabasi Jasurbek Ibrohimovning o‘limida aybdor deb topilib, sud qaroriga binoan ozodlikdan mahrum etilgan, keyinchalik jazo muddatini o‘tash vaqtida koloniyadagi rejimni buzmagani va mehnatga vijdonan yondashgani tufayli muddatidan ilgari ozod etilgan Islom To‘laganov ayni paytda Olmazor tumanidagi tibbiyot kollejida o‘qimoqda.

«Xotin-qizlar va voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasiga qaratilgan chora-tadbirlar» mavzusida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qilinishicha, unga nisbatan jazo muddati tugatilib, faqat axloq tuzatish ishlari bo‘yicha qo‘shimcha jazo muddati belgilangan.

Davron Azizov

«2019 yilning 1 yanvarida IIV tizimida Probatsiya xizmati tashkil etilgan. Mazkur xizmat ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlangan shaxslar bilan ishlaydi. Probatsiya xizmati o‘z hisobidagi shaxslarning nazorati uchun to‘liq javobgardir. To‘laganov masalasiga kelsak, unga nisbatan majburiy jamoat ishlari jazosi tayinlangan. Uning zimmasidagi majburiyatini bajarishi yashash joyidagi probatsiya xizmati, mahalla fuqarolar yig‘ini, profilaktika inspektori tomonidan doimiy nazorat qilib boriladi. Bundan maqsad u bilan avval sodir bo‘lgan hodisa takrorlanishining oldini olishdan iborat», deya IIV Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasining birinchi o‘rinbosari Davron Azizovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Eslatib o‘tamiz, jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudining 2017 yil 30 oktyabrdagi hukmiga ko‘ra, Islombek To‘laganov Jasurbek Ibrohimovning hayoti uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohatlari yetkazib, uning o‘limiga sababchi bo‘lgan deb topilgan hamda unga JKning 85-moddasi tartibida 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan edi.

Mavzuga oid