O‘zbekiston | 14:55 / 10.12.2019
30531
6 daqiqa o‘qiladi

YeOII masalasi: O‘zbek ekspertlari a'zo davlatlardagi norozilikni inobatga olyaptimi?

Xalqaro press-klubning 9 dekabr kungi sessiyasida O‘zbekistonning tashqi-iqtisodiy faoliyati muhokama qilindi.

Foto: Xalqaro press-klub

Sessiyada qatnashgan Kun.uz muxbiri muhokama mavzusidan kelib chiqqan holda, mamlakatning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga a'zo bo‘lishi ehtimoli o‘rganilayotgani yuzasidan savol berdi.

«Belarus respublikasi rahbariyati, qirg‘izistonlik ishlab chiqaruvchilar va deputatlarning YeOII bo‘yicha bildirayotgan salbiy fikrlari, ittifoqqa a'zolik tufayli ularning iqtisodiyoti zarar ko‘rayotgani haqidagi e'tirozlar o‘zbek ekspertlari guruhi tomonidan qanchalik inobatga olinmoqda?», deya o‘rtaga tashlangan savolga O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri o‘rinbosari Badriddin Abidov javob berdi.

Foto: Xalqaro press-klub

«Dunyodagi har bitta davlat o‘z strategik maqsadlaridan kelib chiqqan holda u yoki bu xalqaro yoki mintaqaviy savdo kelishuvlari va tashkilotlarga kirishi mumkin. Bu – har bir davlatning suveren huquqi. Bu huquq Jahon Savdo Tashkilotining GATT bitimi 24-moddasida ham belgilangan.

O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a'zo bo‘lgan ikkita davlat bilan bevosita chegarada joylashgan. Bu esa O‘zbekiston uchun yuqori ahamiyatga ega.

Albatta, bu tashkilotga a'zolikning ijobiy va salbiy jihatlari diqqat bilan o‘rganiladi va o‘rganishlarda albatta milliy manfaatlardan kelib chiqiladi».

Masala yuzasidan siyosiy partiyalar vakillari ham munosabat bildirib o‘tdi.

Dilshodjon Rahmonov, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi vakili:

Foto: Xalqaro press-klub

«Albatta, bu mavzu ancha vaqtdan beri muhokamalar markazida turibdi. Agar tahlillarga e'tibor qaratadigan bo‘lsak, iqtisodiy pasayishlarni nafaqat bu tashkilotga, balki boshqa iqtisodiy tashkilotlarga a'zo davlatlarda ham kuzatish mumkin. Masalan, bundan 7-8 yil avval dunyo davlatlarida iqtisodiy o‘sishlar o‘rtacha 7 foiz atrofida bo‘lgan bo‘lsa, hozir 3,1 foiz. Bu – Jahon banki ma'lumotlari.

Demak, bu pasayishni faqat ittifoq bilan bog‘lash noto‘g‘ri. Sababi, ittifoqning umumiy ulushida Belarus va Qirg‘izistonning ulushi juda katta emas. Ulushning katta emasligi esa ichki iqtisodiy pasayishda ittifoqning ta'siri yuqori emasligini ifodalaydi.

1,6 trln dollarga ega bo‘lgan Rossiya ichki iqtisodiyoti ittifoqqa a'zo to‘rtta davlat iqtisodiyotini qo‘shganda ham katta ko‘rsatkich bilan farq qiladi. Shuning uchun bu o‘sha siz aytayotgan davlatlar uchun yirik savdo hamkorligi bo‘ladi.

Bu tashkilot qoidasiga ko‘ra, «Made in» amal qiladi. «Made in Russian» va «Made in Belarus», ya'ni yaratilgan qiymatning 70 foizi shu mamlakatning o‘ziga tegishli bo‘lishi kerak. Bu qoidalarni buzishga esa hech kimning haqqi yo‘q. Bunda yaratilgan qiymat 70 foizdan kam bo‘ldimi, Rossiyada Belarus mahsulotlarini sotib olmaslik huquqi bo‘ladi.

Qoidalar Belarus tomonidan ham buzilishi kerak emas».

Fazliddin Ziyoyev, «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi vakili:

Foto: Xalqaro press-klub

«Siz faqat ikkita davlat haqida gapiryapsiz. Agar qolgan davlatlar iqtisodini olib ko‘radigan bo‘lsak, ularda bu muammo yo‘q. O‘sish bo‘lganlari bor.

Bu masalada vazir o‘rinbosarining fikriga qo‘shilaman va o‘rganishlar milliy manfaatlar ustuvorligidan kelib chiqishi kerak», deb hisoblayman.

Akmal Umrzoqov, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi vakili:

Foto: Xalqaro press-klub

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasining Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a'zolik bo‘yicha ikki xil qarashi bor. Birinchisi, holat bizning milliy manfaatlarimizga mos keladigan bo‘lsa, biz ular bilan savdo sherikchilik bitimini imzolash tarafdorimiz.

Oldimizdagi ikkinchi yo‘l – tashkilot doirasida eng avvalo kuzatuvchi sifatida ishtirok etish.

Bugun ittifoqqa beshta davlat a'zo bo‘lsa, yana beshta davlat kuzatuvchi maqomida. Kuzatuvchilik maqomidan ko‘ra, ishchi guruhning har bitta soha bo‘yicha chuqur xulosalari asosida va xulosalar bizning manfaatlarimizga mos keladigan bo‘lsa, balki tashkilotga to‘la a'zo bo‘lishimiz ham mumkin.

Bu masala «O‘zbekiston Respublikasini 2030 yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy kompleks rivojlantirish konsepsiyasi»da ham aytib o‘tilgan.

O‘rganishlar bizning manfaatimizga mos kelmas ekan, biz unga a'zolikni yoqlamaymiz».

Ravshan Xomitov, Xalq demokratik partiyasi vakili:

Foto: Xalqaro press-klub

«O‘zbekistonning tashqi siyosati konsepsiyasida uning shu kabi tashkilotlarga a'zo bo‘lishi mumkinligi ko‘rsatilgan. Demak, buning huquqiy asoslari bor.

Yuqorida aytilgani kabi, tashkilotga a'zolik masalasini o‘rganayotgan ishchi guruh xulosasi Xalq demokratik partiyasi uchun ham yakuniy xulosa hisoblanadi».

Ulug‘bek Pirmuhamedov, Ekologik partiya vakili:

Foto: Xalqaro press-klub

«Prezident aytganidek, O‘zbekistonning eksport va importi o‘rtasida 5 milliardlik tafovut bor. Bu minus saldoda. Shuning uchun hali bizning bozor iqtisodiyotimiz iqtisodi yuqori Yevroosiyo davlatlari talabiga javob bermaydi. Buning uchun esa vaqt zarur, deb hisoblaymiz.

Iqtisodiyotimiz qachonki o‘sha davlatlar iqtisodi bilan raqobatlashadigan darajaga chiqsagina, keyin tashkilotga a'zo bo‘lish kerak, deb hisoblaymiz.

Albatta, ittifoqqa qo‘shilishning ham o‘ziga yarasha plyuslari bor.  Masalan, tashkilotga a'zolik bizga qiyinchiliksiz dengizga chiqish imkoniyatini ham yaratadi».

Mavzuga oid