O‘zbekiston | 00:17 / 20.12.2019
25400
2 daqiqa o‘qiladi

Ichki ishlar organlarida ortiqcha vaznli xodimlar soni 30 foizga kamaydi – IIV vakili

Prezident tanqididan so‘ng ichki ishlar tizimidagi ortiqcha vaznga ega xodimlar ro‘yxati tuzilib, ularga ozish uchun vaqt berilgan edi. Hozirga kelib ortiqcha vaznli ichki ishlar xodimlari soni 30 foizga kamaygan.

Bu haqda IIV Kadrlar bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Farid Abdiyevga asoslanib, Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

«Tanqiddan so‘ng tibbiyot xizmatlarimizda har bir xodimning vazni qaytadan o‘lchab chiqilgan. Belgilangan me'yordan ortiq bo‘lgan xodimlar ro‘yxati alohida qilinib, bu bo‘yicha tibbiy profilaktika ishlari amalga oshirildi. O‘z ustida ishlamayotganlar alohida ro‘yxatga olingan.

IIV tizimida keyingi yilning birinchi choragi davomida asosiy xizmatlarimiz – patrul-post va yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari attestatsiyadan o‘tkaziladi. Attestatsiya jarayonida ularning [ortiqcha vaznli xodimlarning] ishda qolish yoki qolmaslik masalalari ko‘rib chiqiladi», – dedi Abdiyev 19 dekabr kuni matbuot anjumanida.

IIV mulozimiga ko‘ra, o‘z ustida ishlamagan, semizlik darajasini kamaytirishga erishmagan xodimlarga ma'lum muddat berilgan, o‘zining ustida ishlashga imkoniyat taqdim etilgan. Ularga tibbiy muassasalar tomonidan ovqatlanish ratsioni bo‘yicha tavsiyalar berilgan, bundan tashqari ortiqcha vaznli xodimlar bilan kasbiy va jismoniy tayyorgarlik borasida ham alohida mashg‘ulotlar o‘tkazilgan.

Ma'lum qilinishicha, noyabr oyi yakuni holatiga ko‘ra, ortiqcha vaznga ega ichki ishlar xodimlari soni 30 foizga kamaygan.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 2019 yilning mart oyida Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida mudofaa va ichki ishlar tizimidagi ortiqcha vaznga ega xodimlarni tanqid qilgan, ularga ozish uchun uchun muddat berilishini aytgan edi

Mavzuga oid