O‘zbekiston | 08:16 / 21.12.2019
6139
5 daqiqa o‘qiladi

OAV sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma'muriy reglamenti tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasining “Ommaviy axborot va kommunikatsiyalar sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatishning ayrim ma'muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Ommaviy axborot vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatishning ma'muriy reglamentiga ko‘ra, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan ommaviy axborot vositalariga quyidagilar kiradi:

davriy bosma nashrlar (gazetalar, jurnallar, axborotnomalar, byulletenlar, almanaxlar va boshqalar);

tele-, radio-, video-, kinoxronikal dasturlar, axborot agentliklari;

mahsulotlari Internet jahon tarmog‘i orqali tarqatiladigan ommaviy axborot vositalari (gazetalar, jurnallar, axborotnomalar, byulletenlar, almanaxlar, tele-, radio-, video-, kinoxronikal dasturlar);

asosan bolalar, o‘smirlar, nogironlar uchun mo‘ljallangan, shuningdek, ta'lim va madaniy-ma'rifiy yo‘nalishdagi ommaviy axborot vositalari (gazetalar, jurnallar, axborotnomalar, byulletenlar, almanaxlar, tele-, radio-, video-, kinoxronikal dasturlar va boshqalar);

reklama xususiyatiga ega bo‘lgan ommaviy axborot vositalari (reklama tarqatishga ixtisoslashgan gazetalar, jurnallar, bukletlar, tele-, radio-, video-, kinoxronikal dasturlar va boshqalar);

ommaviy axborot vositalarining boshqa turlari (elektron tarzda tarqatiladigan ommaviy axborot vositalari mahsulotlari va boshqalar).

Reklama xususiyatiga ega bo‘lgan ommaviy axborot vositasi deyilganda davriy bosma nashr alohida soni hajmining 40 foizidan, tele-, radio dasturlarda eshittirish va ko‘rsatuv har bir soatining 10 foizidan ko‘prog‘ini reklama xabarlari tashkil qiladigan ommaviy axborot vositasi tushuniladi.

Quyidagilarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish talab qilinmaydi:

davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan faqat ularning rasmiy xabarlari va faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa materiallarini e'lon qilish uchun ta'sis etiladigan ommaviy axborot vositalari;

korxona, muassasa, tashkilot (shu jumladan o‘quv va ilmiy muassasa)ning o‘z ehtiyojlarini qondirish uchun tiraji yuz nusxagacha bo‘lgan davriy bosma nashrlari;

tarqatilishi bir korxona, muassasa, tashkilot (shu jumladan o‘quv va ilmiy muassasa)ning binosi va (yoki) hududi bilan cheklangan kabel tarmoqlar orqali uzatiladigan tele-, radio-, video-, kinoxronikal dasturlar, audiovizual xabarlar va materiallar.

Davlat xizmati Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan ko‘rsatiladi.

Davlat xizmatlari markaziga yoki my.gov.uz platformasi orqali ariza yuborishi kerak. So‘rovnomaga  OAV (yoki internetdagi veb-sayt) tahririyati yuridik shaxs bo‘lmagan hollarda, tahririyat to‘g‘risidagi nizomning nusxasi hamda muassis agar ikkita bo‘lgan taqdirda ta'sis shartnomasi ilova qilinadi.

Ariza beruvchi uchinchi shaxs bo‘lgan taqdirda, tegishli tartibda berilgan ishonchnomaning elektron nusxasi so‘rovnomaga ilova qilinadi.

Ariza yuborilgandan so‘ng 15 kun mobaynida vakolatli organ QR-kod (matrik shtrixli kod) qo‘yilgan OAVni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qiladi yoki davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etadi. 

Ariza beruvchi xabarnoma va OAV davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida qarorni olgan paytdan boshlab 3 ish kuni mobaynida belgilangan miqdorda, davlat bojini to‘laydi.

Davlat boji miqdori quyidagicha:

davriy bosma nashrlar (gazetalar, jurnallar, axborotnomalar, byulletenlar, almanaxlar va boshqalar) –   bazaviy hisoblash miqdorining 12,5 baravari;

tele-, radio-, video-, kinoxronikal dasturlar, axborot agentliklari – bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravari;

mahsulotlari Internet global tarmog‘i orqali tarqatiladigan OAV (gazetalar, jurnallar, axborotnomalar, byulletenlar, almanaxlar, tele-, radio-, video-, kinoxronikal dasturlar va boshqalar) – bazaviy hisoblash miqdorining 50 %;

asosan bolalar, o‘smirlar, nogironlar uchun mo‘ljallangan, shuningdek ta'lim va madaniy-ma'rifiy yo‘nalishdagi OAV (gazetalar, jurnallar, axborotnomalar, byulletenlar, almanaxlar, tele-, radio-, video-, kinoxronikal dasturlar va boshqalar) – bazaviy hisoblash miqdorining 2,5  baravari;

reklama xususiyatiga ega bo‘lgan OAV (reklamaga ixtisoslashgan gazetalar, jurnallar, bukletlar, tele-, radio-, video-, kinoxronikal dasturlar va boshqalar) –  bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari;

OAVlarning boshqa turlari (elektron tarzda tarqatiladigan ommaviy axborot vositalari mahsulotlari va boshqalar) –  bazaviy hisoblash miqdorining 12,5 baravari.

Ommaviy axborot vositalari qayta ro‘yxatdan o‘tkazilganligi uchun davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda nazarda tutilgan davlat boji summasining 50 foizi miqdorida davlat boji undiriladi.

Mavzuga oid