O‘zbekiston | 07:55 / 27.12.2019
15167
2 daqiqa o‘qiladi

Bektemirdagi saylov uchastkasi natijalari bekor qilindi

Markaziy saylov komissiyasi Toshkent shahar Bektemir tuman 105-saylov uchastka saylov komissiya a'zolari tomonidan bir qancha saylov byuletenlarini saylov qutisiga o‘zlari tashlab, saylov natijalarini soxtalashtirishga urinayotgani aks etgan video yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruv natijalarini taqdim etdi.

«Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 25 dekabr kuni Toshkent shahar Bektemir tuman 105-saylov uchastka saylov komissiya a'zolari tomonidan bir qancha saylov byulletenlarini saylov qutisiga o‘zlari tashlab, saylov natijalarini soxtalashtirishga urinayotgani aks etgan videolavha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan edi.

Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Toshkent shahar saylov komissiyasi, Bektemir tuman saylov komissiyasi va prokuratura organlari bilan birgalikda o‘rganish ishlar amalga oshirildi.

O‘rganish natijasiga ko‘ra, 105-uchastka saylov komissiyasining 22 dekabrdagi saylov natijalari bo‘yicha qabul qilgan qarorlari bekor qilindi va haqiqiy emas deb topildi.

Mazkur saylov uchastkasi bo‘yicha saylov natijalari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi 141-Temiryo‘lchilar va Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashiga saylov o‘tkazuvchi 8-Suvchi shahar okrug saylov komissiyalarining tegishli okruglar bo‘yicha saylov natijalariga ta'sir qilmasligi inobatga olindi.

Bektemir tumani saylov komissiyasi tomonidan 18-Visol saylov okrugida 2020 yil 19 yanvar kuni takroriy saylov o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Shuningdek, tuman saylov komissiyasi tomonidan 105-uchastka saylov komissiyasining tarkibini almashtirish ishlari ham amalga oshiriladi.

Prokuratura organlari tomonidan ushbu holatga huquqiy baho berish uchun surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda», deyiladi Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati xabarida.

Mavzuga oid