22 dekabr kuni Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarga o‘tkazilgan saylovlar vaqtida ro‘y bergan qonunbuzilish holatlari birin-ketin ma'lum bo‘lmoqda. 25 dekabr kuni Kun.uz saytida Toshkent shahar Bektemir tumani 18-Visol saylov okrugidagi 105-saylov uchastkasida komissiya a'zolari tomonidan qutiga byulletenlar tashlanayotgani aks etgan video e'lon qilingan edi.

Ushbu holat yuzasidan jurnalistik surishtiruv o‘tkazildi.

Hodisa guvohlaridan biri – O‘zLiDep partiyasidan Xalq deputatlari Bektemir tumani kengashi deputatligiga nomzodi ko‘rsatilgan Umid Xudoyberganovning vakolatli vakili Rahmatilla Ataxanov Kun.uz’ga saylov natijalarini soxtalashtirishga saylov uchastkasi mutasaddilari bosh-qosh bo‘lishganini ta'kidladi. Uning aytishicha, 22 dekabr kuni soat 19:40larda ularni «Adliyadan kelishdi» deb boshqa xonaga chaqirtirib olishgan, saylov uchastkasi a'zolari xonada esa qolgan. Rahmatilla Ataxanov xonaga qaytib kirishiga saylov uchastkasi raisi Muqaddas Ashirova yo‘l qo‘ymagan.

«Soat 19:20lar atrofida saylov uchastkasiga bordim. Ozroq o‘tirdik, keyin «Adliyadan Alisher degan odam keldi, hammamiz chiqarkanmiz, bizga gapi bor ekan», deyishdi. Hamma chiqsa saylov o‘tkazilayotgan xona ham qulflansa kerak degan o‘yda men ham chiqdim. Chiqqanimdan keyin e'tibor bersam, komissiya a'zolari ichkarida qoldi. Keyin ortga qaytdim va eshik oldida turgan uchastka raisidan «Ular chiqmaydimi?» deb so‘radim. «Yo‘q, ularning ishi bor», dedi u. Men ham komissiya a'zosi ekanligim, ichkariga kirmoqchiligimni aytsam, ichkariga o‘tkazmasdan eshik oldiga turib oldi. Muqaddas Ashirovadan hech bo‘lmasa eshikni ochib qo‘yishni talab qildim. Oradan 3-4 daqiqa o‘tgach istar-istamas eshikni qiya ochib qo‘ydi», deya hikoya qiladi Rahmatilla Ataxanov.

O‘zLiDePdan Xalq deputatlari Bektemir tumani kengashi deputatligiga nomzodi ko‘rsatilgan Umid Xudoyberganov bo‘lib o‘tgan voqealar bo‘yicha izoh berdi.