Iqtisodiyot | 19:30 / 05.01.2020
43483
2 daqiqa o‘qiladi

«Kapitalbank» rahbari lavozimidan ozod etildi

2019 yilning iyunida «Kapitalbank» boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan Oleg Kim muddatidan avval o‘z lavozimini tark etdi.

«Kapitalbank» aksiyadorlik tijorat bankida muddatidan oldin rahbar o‘zgardi. Bu haqda Korporativ ma'lumot yagona portalida xabar berilgan.

Ma'lum qilinishicha, 2019 yilning 30 dekabrida bank boshqaruv kengashi majlisi o‘tkazilgan, unda bank boshqaruv kengashi raisi Oleg Kimning vakolatlarini muddatidan oldin bekor qilish, shuningdek, 2020 yil 3 yanvaridan u bilan mehnat shartnomasini bekor qilish masalasi ko‘rib chiqilib, ijobiy hal etilgan.

Aleksey Glushchenko

4 yanvar kunidan Aleksey Glushchenko bank boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan. U shu vaqtga qadar boshqaruv kengashi raisi o‘rinbosari edi.

Eslatib o‘tamiz, Oleg Kim 2019 yil iyunida Sherzod Karimboyev o‘rniga «Kapitalbank» boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangandi.

«Kapitalbank» — O‘zbekistondagi xususiy tijorat banklaridan biri. 2004 yilda u «Aviabank» bilan birlashib, aksiyadorlik tijorat bankiga aylangan. 

2019 yilning avgustida Promadik Invest kompaniyasi «Kapitalbank»ning 36 foiz aksiyalarini sotib olgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid