Jamiyat | 12:27 / 07.01.2020
60598
4 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda hamshira bemorning buvisi tomonidan kaltaklandi

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida bemorga yordam bermoqchi bo‘lgan hamshiraga uning buvisi tomonidan tajovuz sodir etilgani tasvirlangan video tarqaldi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu videoxabarni atroflicha o‘rgandi.

«2020 yil 5 yanvar kuni soat 19:00 atrofida Surxondaryo viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining qabul bo‘limiga 2017 yil tug‘ilgan bemor F.M.ning tana harorati yuqori ekanidan shikoyat qilib, amakisi hamda buvisi tomonidan murojaat qilinadi.

Qabul bo‘limi hamshirasi S.B. birinchi yordam ko‘rsatish maqsadida bemorning tana haroratini o‘lchaydi. Tana harorati yuqori ekanini aniqlagan hamshira haroratni tushirish maqsadida paratsetamol shamchasini qo‘yish uchun bemorni muolaja xonasiga olib kirishni ko‘rsatadi. Shunda to‘satdan bemorning buvisi sababsiz hamshiraning shaxsiyatiga tegadigan haqorat so‘zlar bilan baqirib, uni kaltaklaydi.

Shunga qaramay, qabul bo‘limida navbatchi shifokor A.N. tomonidan bemor F.M.ga birinchi yordam ko‘rsatilgan va «O‘tkir respirator kasalligi» tashxisi bilan statsionar davolanishga yotqizilgan», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Bolaning amakisi, buvisi va qarindoshlari tomonidan kaltaklagan hamshira S.B. «Bosh miya chayqalishi, chap chakka sohasi yumshoq to‘qimalarining ezilishi» tashxisi bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filiali travmatologiya bo‘limiga yotqizilgan. Bemorning ahvoli tajribali shifokorlar tomonidan nazoratga olingan bo‘lib, malakali tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Ushbu holat yuzasidan viloyat ichki ishlar boshqarmasi va viloyat prokuraturasiga murojaat qilingan. Mazkur vaziyat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan nazoratga olingan.

«Biz bu kasbni kaltaklanish, xo‘rlanish uchun tanlamaganmiz. Bu voqea oilamizga, to‘rt nafar farzandimizning ruhiyatiga qattiq ta'sir qildi. Shifokorlarga nisbatan qilinayotgan tajovuzlar qachongacha davom etishi mumkin? O‘z xizmat vazifasini tun-u kun bajarayotgan tibbiyot xodimining xavfsizligi qachon ta'minlanadi? Huquqni muhofaza qiluvchi organlardan turmush o‘rtog‘imga qo‘l ko‘targanlarga nisbatan keskin jazo choralarini ko‘rishlarini talab qilaman», deydi kaltaklangan hamshiraning turmush o‘rtog‘i, tibbiyot xodimi Xolmo‘min Eshdavlatov.

Sog‘liqni saqlash vazirligi yana bir bor tibbiyot xodimlarini himoyalash bo‘yicha qonunchilikni kuchaytirishga chaqirgan.

«Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, so‘nggi paytlarda bemorlarning qarindoshlari tomonidan tibbiyot xodimlariga tajovuz qilish holatlari ko‘p kuzatilayotgani, ayniqsa, bu holatga xotin-qizlarimizning ham aralashayotgani achinarli holdir.

Darhaqiqat, tibbiyot xodimlarini himoyalash borasida qonunchilikni kuchaytirish, jamoatchilik nazoratini kengaytirish, aholida tibbiy xizmatdan foydalanish va shifokorlarga nisbatan muomala madaniyatini oshirishga jiddiy e'tibor qaratishni davrning o‘zi talab qilmoqda», deya qo‘shimcha qilingan vazirlik xabarida.

Biroz avvalroq Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tuman shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi jarrohi bemorning qarindoshi tajovuzi oqibatida ko‘rish qobiliyatini yo‘qotgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid