Jamiyat | 21:46 / 13.01.2020
47673
3 daqiqa o‘qiladi

Tez tibbiy yordam uchun 150ta Ford qaysi mablag‘dan xarid qilindi?

Kuni kecha Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi Toshkentda tez tibbiy yordam uchun 150ta Ford rusumidagi zamonaviy reanimobillar topshirilgani haqida xabar berdi. Shifokorlar va bemorlarga yaratilgan bu qulaylik ko‘pchilikni xursand qildi albatta. Lekin bu loyiha qaysi moliyaviy manbalar hisobidan amalga oshirildi? Kelgusida tez tibbiy yordam tizimida bu kabi yana qanday rejalar bor? Bu va boshqa savollarga javob olish uchun RShTYoIMning Toshkent shaxar Tez tibbiy yordam stansiyasi bosh shifokori Sirojiddin Haytmetov bilan suhbatlashdik.

– Sirojiddin aka, ma'lumotlarga ko‘ra, mazkur loyiha qiymati 11,9 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu qaysi manbalar hisobidan moliyalashtirildi?

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida tez tibbiy yordam xizmatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida tez tibbiy yordam xizmatini rivojlantirishga amaliy ko‘maklashish va uning moddiy-texnika bazasini yaxshilash uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan “Tez tibbiy yordamni rivojlantirish jamg‘armasi” tashkil etilgan.

Loyiha asosan shu jamg‘arma tomonidan moliyalashtirildi.

– Nega aynan Ford rusumidagi reanimobillar tanlangan? Buning uchun qandaydir o‘rganishlar olib borilganmi?

– Dastlab “FORD” rusumli avtomashina tanlanishidan oldin jahon tajribasi o‘rganib chiqildi. Hatto Yevropaning ko‘plab davlatlarida bu avtomashinadan foydalaniladi. Jahonning rivojlangan mamlakatlarida TTYo xizmati uchun ajratilgan transport vositalari ustunligi va kamchiliklari, TTYo xodimlari va bemorlar uchun qulayliklari (kengligi, balandligi, yumshoqligi) yoqilg‘i turi, yoqilg‘i sarfi va bizning iqlim sharoitimizga to‘g‘ri kelishi kabi bir qator parametrlari bo‘yicha solishtirildi va aynan shu reanimobillar ma'qul deb topildi.

– Reja bo‘yicha, tez tibbiy yordam tizimining barcha mashinalari zamonaviylariga almashtirilishi qachonga yakunlanadi?

– Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan loyiha samarasi o‘rganilgan holda 2020-2021 yillarda respublikamizning barcha hududlaridagi “Damas” sanitar tez tibbiy yordam avtomashinalari bosqichma-bosqich almashtirilishi rejalashtirilgan.

Abror Zohidov suhbatlashdi

Mavzuga oid