Koronavirus pandemiyasi boshlanganidan buyon tibbiyot xodimlariga rag‘batlantiruvchi to‘lovlar berilmayotgani bilan bog‘liq muammoli masalalarga ko‘p bora to‘xtaldik. Navbatdagi shunga o‘xshash muammo Namangan viloyatining Chust tumanida ham yuz bermoqda.

Chust tibbiyot birlashmasiga qarashli tez tibbiy yordam bo‘limida 500 nafarga yaqin xodim faoliyat yuritadi. Xodimlar Vazirlar Mahkamasining joriy yil 20 iyuldagi «Koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash davrida aholini tez tibbiy yordam xizmati bilan keng qamrab olish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 446-sonli va shu yil 24 sentyabr kungi «O‘zbekiston Respublikasida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish tadbirlariga ajratilayotgan mablag‘larning samaradorligini ta'minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 583-sonli qarorlariga asosan rag‘batlantirish to‘lovlari to‘lanmayotganidan norozi.

Tuman tez tibbiy yordam bo‘limi va uning filiali xodimlari bilan suhbatlashib, ularning fikrlarini tingladik.

«Mamlakatimizga pandemiya xavf sola boshlagan ilk kunlardan boshlab, prezidentimiz va hukumatimiz tomonidan koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashayotgan tibbiyot xodimlarini qo‘llab-quvvatlash uchun chiqarilayotgan qarorlarni kuzatib boryapmiz. Lekin mazkur qarorlar hech bizning tez tibbiy yordam bo‘limiga tatbiq qilinmayapti. Mart oyidan beri bo‘limimizdagi faqat bitta brigada faqat aprel oyida 6 foizlik qo‘shimcha to‘lov oldi xolos. Boshqa brigadalarga berilmadi.

Shu yilning 20 iyul kuni Vazirlar Mahkamasining 446-sonli qarori chiqdi. Hujjatda shu kungacha berib kelingan har kunlik 6 foizli qo‘shimcha to‘lov o‘rniga vrachlar uchun 2,5 mln so‘m, hamshiralar uchun 1,5 mln va haydovchilar uchun 1 million so‘mdan qo‘shimcha rag‘batlantiruvchi to‘lovlar to‘lanishi belgilangan. Lekin biz avgust oyidan beri mana shu to‘lovlarni olmadik.

Muammo yuzasidan Chust shahar moliya bo‘limiga, Tibbiyot birlashmasiga murojaat qildik. Ulardan bu to‘lovlar bizga berilmasligi haqidagi javobni eshitgach, masalamiz «respublika miqyosida hal bo‘ladi» degan umidda 10 00 raqamli ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qildik. Ular: «Bir oy ichida ijobiy hal bo‘ladi, kutinglar», deyishdi.