Light | 20:16 / 23.01.2020
38235
3 daqiqa o‘qiladi

Kitob chop etish jarayonini ko‘rganmisiz? – Tahrirdan to shtrixlashgacha (video)

Foto: KUN.UZ

Kitoblar qo‘lingizga tayyor holda yetib kelishi uchun kamida 50 nafar ishchi mehnati sarflanganiga ishonasizmi? Bitta kitobni ishlab chiqarishga 15 kundan 3 oygacha vaqt sarflanishidan xabardormisiz?

Kun.uz kitob ishlab chiqarish jarayoni haqida batafsil ma'lumot olish maqsadida respublikadagi eng katta nashriyotlardan biri – «Sharq» nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasida bo‘ldi.

Kitob ishlab chiqarish quyidagi o‘nga yaqin bosqichlardan iborat.

1. Nashriyot ishi. Nashriyotga kelib tushgan qo‘lyozmalar muharrir tomonidan tahrir qilinadi. Muharrir muallifga yozma shaklda asar yuzasidan tavsiyalarini bayon etadi. Bir kunda o‘rtacha 16 sahifa qo‘lyozma tahrirdan o‘tadi.

Matn kitob sahifalariga joylashtirib chiqilgach, tekshirish uchun musahhihga beriladi. Bir kunda 60-70 betgacha matn sahifalanadi. Musahhih matnni tahrirdan o‘tkazadi va sahifalovchiga qayta topshiradi. Xatolar kanchalik ko‘p bo‘lsa, bu holat 2-3 marta va undan ham ko‘p marotaba takrorlanishi mumkin.

Kitob muqovasi dizayni ustida ham ishlanadi. Rassom muallif bilan maslahatlashib, asarni o‘qib chiqqan holda o‘ziga xos dizaynni ishlab chiqadi. Ushbu jarayonga o‘rtacha 1-2 hafta vaqt sarflanadi. Umumiy qilib aytganda, nashriyot bilan bog‘liq bosqich o‘rtacha 1 oy davom etadi.

2. Qolip tayyorlash. Nashriyot tayyor ishni fayl ko‘rinishida taqdim etadi. Qolip tayyorlash uskunasi kitobning maxsus qolipini chiqarib beradi. Qolip, asosan, sariq, ko‘k, qora va qizil rangda chiqariladi. Uskuna har 5 daqiqada bitta, bir kunda esa 150ta qolip tayyorlay oladi.

3. Chop etish. Har soatda 10 ming bet qog‘oz chop etiladi. Bir kunlik ish hajmi 80-100 ming betni tashkil etadi.

4. Kitob yig‘ish. Bu bosqichda kitob sahifalarga ajratilib, kesiladi. Sahifalar birlashtiriladi. Sahifalar orasiga havo kirmasligi uchun ustidan bosib chiqiladi va bog‘lanadi. Kitobning birinchi va oxirgi qismi yelimlanadi

5. Kitob sahifalarini birlashtirish. Birinchi va oxirgi qismi yelimlangan kitob sahifalari yaxlit qilib birlashtiriladi.

6. Kitob tikish. Maxsus raqamlangan sahifalar tikuv uskunasi yordamida tikib chiqiladi.

7. Kitob sahifalarini kesish. Sahifalardagi ortiqcha qism maxsus kesish moslamasida olib tashlanadi. Shuningdek, muqova hajmi bilan mos ekanligi tekshiriladi.

8. Yelimlash. Bunda bir ishchi kitob muqovasini yelimlasa, boshqasi uni asosiy qismiga yopishtiradi. Shundan so‘ng kitob yelimi qurishi uchun 40 daqiqa ushlab turiladi.

9. Shtrixovka. Bu bosqichda kitobning muqovasi ajralib ketmasligi uchun asosga qattiq mahkamlanadi.

Bitta kitobni (tirajiga qarab) chop etishga 15 kundan 3 oygacha vaqt va 50 nafar ishchi mehnati sarflanadi. Bunda qo‘l mehnati ham asosiy o‘rinni egallaydi.

Muhabbat Ma'mirova, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi – Otaxon Yusupov.

Mavzuga oid