Budjet tashkilotlari xodimlarining maoshi o‘sishi bo‘yicha prognoz e'lon qilindi
Joriy yil O‘zbekistonda budjet tashkilotlari xodimlarining maoshlari 14,4 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda.
Taqqoslash uchun, 2019 yilda davlat sektoridagi maoshlar miqdori 39 foizga oshgan edi.
Bu haqda Markaziy bankning 2019 yil IV chorak yakunlari bo‘yicha hisobotida ma'lum qilingan.
Hisobotda aytilishicha, 2020 yilda ish haqlari miqdori va aholi nominal daromadlari avvalgi ikki yilda bo‘lgani kabi yuqori sur'atda o‘sishi kutilmayapti.
«Ish haqlari miqdorining 2018-2019 yillarda sezilarli darajada to‘g‘rilanganidan so‘ng, 2020 yilda aholi nominal daromadlari, shu jumladan, o‘rtacha ish haqi darajasining mo‘'tadil (davlat sektorida 14,4 foiz) o‘sishi kutilmoqda», – deyiladi regulyator sharhida.
Yuqorida aytilganidek, 2019 yilda budjet sohasidagi ish haqlari miqdori 39 foizga oshgan. Aholi real daromadlari esa 7 foizga ko‘tarilgan.
«2019 yil yanvar-sentabr oylarida o‘rtacha ish haqining o‘sishi sanoat sohasida 22,9 foizgacha, qurilishda 23 foizgacha sekinlashgan bo‘lsa, ko‘plab xizmat ko‘rsatish sohalarida, aksincha, tezlashishi kuzatilgan. Xususan, savdo sohasida o‘rtacha ish haqi 33,6 foizga, yashash va umumiy ovqatlanish sohasida – 39,7 foizga, bank va moliviy xizmatlarda – 36,5 foizga, ta'lim sohasida – 37,2 foizga, sog‘liqni saqlashda – 37,7 foizga oshdi.
Iqtisodiyotda talabning ortib borishi sharoitida xizmat ko‘rsatish sohasida ish haqining jadal o‘sishi rivojlanayotgan yoki o‘tish davri iqtisodiyotidagi mamlakatlarda ko‘p kuzatiladi», – deyiladi Markaziy bank izohida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaatida aytgandiki, 2020 yil davomida budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdori inflatsiya darajasidan yuqori miqdorda oshiriladi.
2020 yil uchun inflatsiyaning bazaviy prognozi esa 12 - 13,5 foiz darajasida belgilangan. 1 fevraldan ish haqi va pensiyalar 7 foizga oshadi.
Mavzuga oid
14:05 / 12.09.2024
Markaziy bank asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi
15:30 / 09.09.2024
O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 39 mlrd dollarga yetdi. Bu – rekord ko‘rsatkich
17:04 / 05.09.2024
O‘zbekiston ketma-ket ikkinchi oy eng ko‘p oltin xarid qilgan davlatlardan biri bo‘ldi
16:07 / 22.08.2024