Jahon | 23:39 / 31.01.2020
11524
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Xubey viloyatidan o‘z fuqarolarini evakuatsiya qilishni boshlamoqda

Rossiya koronavirus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat sababli Xitoyning Xubey viloyatidan o‘z fuqarolarini evakuatsiya qilish chora-tadbirlarini boshlaganini ma'lum qildi.

Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vazirligi xabar bermoqda.

Xubey viloyatidan mustaqil ravishda chiqib ketishning iloji yo‘q, chunki hududda karantin joriy etilgan.

31 yanvar kuni Rossiyada koronavirusga chalinish bo‘yicha dastlabki ikki holat qayd etildi. Mamlakat bosh vaziri o‘rinbosari Tatyana Golikovaning ma'lum qilishicha, koronavirus sababli Rossiya-Mo‘g‘uliston chegarasini kesib o‘tish cheklangan hamda Uxan shahri va Xubey viloyatini tark etishni istagan rossiyaliklarni evakuatsiya qilish boshlanadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Uxanda 300, Xubeyda 341 nafar Rossiya fuqarosi bor.

Evakuatsiya qilingan fuqarolar Rossiyada aeroportga qo‘nishlari bilanoq qo‘shimcha epidemiologik nazoratdan o‘tkaziladi. 

31 yanvar holatiga Xitoyda jami 9720 nafarni tashkil qilgan, 1500 nafar kishi og‘ir holatda davolanmoqda, 213 nafar kishi ushbu kasallikdan vafot etgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Xalqaro tibbiy sanitariya qoidalari saytidagi ma'lumotlarga ko‘ra, 31 yanvar kuniga koronavirus infeksiyasiga chalinish dunyoning 20 ta davlatida qayd etilgan.

Mavzuga oid