Iqtisodiyot | 16:27 / 04.02.2020
69818
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda uchta bank islomiy moliyalashni joriy qilishga o‘tyapti

2020 yilda O‘zbekistonda 3ta bankda islomiy moliyalash joriy etilishi mumkin. Bu haqda Markaziy bank raisi o‘rinbosari Botir Zohidov ma'lum qildi.

Bugun, 4 fevral kuni Oliy Majlis qonunchilik palatasida qonun loyihalari yuzasidan navbatdagi yalpi majlis bo‘lib o‘tdi. «Mikromoliyalash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar kiritish haqida»gi qonun loyihasi majlis kun tartibidagi birinchi masala bo‘ldi.

Muhokamalar davomida palata spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirov O‘zbekistonda islomiy banklar ochishga qanday omillar xalaqit berayotgani borasida Markaziy bank vakiliga savol bilan murojaat qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Alisher Qodirov

Qodirov o‘z so‘zida O‘zbekiston aholisining katta qismini musulmonlar tashkil etishi, shu bois odamlar bankdan mikroqarz olishni yoqlamasligiga to‘xtaldi.

«Mikroqarzlarni odamlarga moliyaviy ko‘mak vositalaridan biriga aylanmayetganiga diniy qadriyatlar sabab bo‘lmoqda. Shuning uchun qonunchilikdagi ayrim moddalarga o‘zgartirish kiritib, islomiy moliyalash tizimini kiritish kerak emasmi?» deb ta'kidlagan Alisher Qodirov bu tizim muvaffaqiyatli ishlayotgan bir qancha rivojlangan davlatlarni misol keltirdi.

Savolga Markaziy bank raisi o‘rinbosari Botir Zohidov javob berdi. Uning aytishicha, o‘tgan 2019 yilda banklar faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha bir qator qonunlar qabul qilingan. Shu boisdan amaldagi qonunchilikda islom banklarini ochish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri cheklovlar mavjud emas.

Botir Zohidov

«Bugungi kunda 10ga yaqin banklarimizda mikro, kichik liniyalari orqali moliyalashtirilyapti. Chakanaga o‘tadigan bo‘lsak, hozir 3ta bank islomiy moliyalashni joriy qilishga o‘tyapti. Bu borada ishlar davom etyapti. Bu jarayonda yo‘lga qo‘yiladigan turli texnologik ishlar bor. O‘ylaymanki, shu yilni o‘zida aynan kreditlash yo‘nalishida shu yo‘nalishida bu masalani hal qilamiz»,–  dedi Botir Zohidov.

Ma'lumot uchun, islomiy moliya tarmog‘i bugungi kunda jahonda jadal rivojlanib borayotgan va innovatsion moliyalashtirish mexanizmlarini o‘zida jamlagan sohalardan biri hisoblanadi.

Moliyalashning bu tizimi foyda va zararni bo‘lishish hamda real aktivlarga asoslangan moliyalashtirishni o‘zida namoyon qilishi bilan an'anaviy banklardan farq qiladi.

Islomiy banklar mijoz talabi bilan obektni qurib berishi, asbob-uskunalar, tovar, xomashyolar olib berishi yoki ularni ijaraga berishi mumkin. Moliyalashtirish asosida savdo amaliyoti yotadi. Zamonaviy bank tizimida esa banklarning savdo amaliyotlarini amalga oshirish qonunchilik nuqtayi nazaridan mushkul bo‘lib, bunga soliq hamda bank faoliyatiga taalluqli me'yoriy-huquqiy hujjatlar to‘sqinlik qiladi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, keyingi yillarda islomiy moliya muassasalari yalpi aktivlari miqdori 2,5 trillion dollarni tashkil etib, yiliga 15-20 foizga o‘sib bormoqda.

Mavzuga oid