O‘zbekiston | 12:23 / 11.02.2020
5852
2 daqiqa o‘qiladi

Luvr ko‘rgazmasi uchun O‘zbekiston haqida kitob nashr qilindi

Foto: Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi

O‘zbekiston tabiati va madaniyatini suratlarda ko‘rsatuvchi “O‘zbekiston. Samarqandga yo‘l” (Uzbekistan. The road to Samarkand) kitobi nashr qilindi. Kitob Luvr muzeyida O‘zbekistonga bag‘ishlab o‘tkaziladigan ko‘rgazmada namoyish etiladi. Bu haqida O‘zbekiston Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi ma'lumot berdi.

O‘zbekistonning boy tabiati va qadim merosini suratlar va qisqa izohlarda ko‘rsatib beruvchi kitob chop qilindi. “O‘zbekiston. Samarqandga yo‘l” (Uzbekistan. The road to Samarkand) deya nomlangan mazkur kitob Fransiyaning mashhur nashriyoti −Assouline Publishing va Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi hamkorligida nashr qilingan. Kitob mualliflari noshir Yaffa Assulin va taniqli fotograf Laziz Hamani hisoblanadi.

Kitob 2021 yil 21 oktyabrdan 2022 yil 7 fevralga qadar Luvr muzeyida bo‘lib o‘tadigan “Ipak yo‘lidagi sivilizatsiya va madaniyat” nomli ko‘rgazmada taqdim etilishi mo‘ljallangan.

Fotograf Laziz Hamani 50 kun davomida O‘zbekistonning turli hududlarida bo‘lib, mamlakatning o‘ziga xos qiyofasini suratlarga muhrladi. “O‘zbekiston sayyoramizdagi tasavvurlar haqiqatga mos keladigan va kam uchraydigan joylardan biri. Mamlakat beqiyos manzaralari va unutilmas an'analariga ega. Oltin saroylar va ajoyib yodgorliklar bilan bezatilgan hududning me'moriy landshaftlari shu qadar tafsilotlarga boyki, ba'zida bu inshootlar osmonning o‘zini aks ettirgandek tuyuladi”, deb yozadi Hamani kitobning kirish qismida.

“O‘zbekiston. Samarqandga yo‘l”ning taqdimoti joriy yil mart oyida dunyoning 20ta mamlakati nashriyot do‘konlarida o‘tkaziladi. Kitobning Toshkentdagi taqdimoti aprel oyida Yaffa Assulin va Laziz Hamani ishtirokida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Mavzuga oid