O‘zbekiston | 14:19 / 12.02.2020
3375
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda birinchi xalqaro aviatsiya forumi o‘tkaziladi

19-20 fevral kuni O‘zbekistonda ilk marotaba xalqaro aviatsiya forumi o‘tkaziladi. Unda O‘zbekiston aviatsiya sohasi uchun muhim kelishuvlarga erishilishi kutilmoqda.

Foto: KUN.UZ

Bugun, 12 fevral kuni, O‘zbekistonda ilk marotaba o‘tkazilishi kutilayotgan xalqaro aviatsiya forumiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda turizm va transport sohasining mutasaddi vakillari ishtirok etib, forum haqida batafsil ma’lumot berishdi.

Joriy yilning 19-20 fevral kunlari Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz” ko‘rgazmalar maydonida “Uzbekistan Airports, Aviation&Logistic Forum” (UAALF-2020) xalqaro aviatsiya forumi bo‘lib o‘tadi. Forumni tashkil etishda respublikaning mas’ul idoralari bilan bir qatorda Birlashgan Arab Amirliklarining “Fair Exhibition Organizers” (1991 yilda beri faoliyat yuritib, 150dan ortiq xalqaro ko‘rgazmalarni tashkil etgan) kompaniyasi ham jalb etilgan.

Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimovning ma’lum qilishicha, forumga 34ta mamlakatdan 100ga yaqin eksponent tashrif buyurib, o‘z ko‘rgazmasi bilan qatnashadi. Forumda umumiy hisobda 1000dan ortiq xorijiy mehmonlar ishtiroki kutilmoqda. 

“Xalqaro aviatsiya forumiga fuqaro aviatsiyasiga tegishli tashkilot, vazirlik va aeroportlar vakillari tashrifi rejalashtirilgan. 130ga yaqin xalqaro tashkilot jalb qilinmoqda”, − deydi Aziz Abduhakimov.

Anjumanda qayd etilishicha, forum ishtirokchilari qatorida “Boeing” va “Jetcraft” (AQSh), “Air Charter Service” (Buyuk Britaniya), “Bombardier Business jets” (Kanada), “TLD” (Hindiston), “Luftansa Consulting”(Germaniya), “Air Arabia” va “BGT Evens” (BAA), “Mitsubishi Corporation”  (Yaponiya), “Pegasus Airlines” va  “Turkish Airlines”(Turkiya) kabi aviakompaniyalar mavjud.

“Forum doirasida yuqori darajadagi uchrashuv, taqdimot, seminar va ko‘rgazmalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Aeroportlar, aviatsiya va logistika vakillari o‘z mahsulotlari va xizmatlarini taqdim etishadi. Forum nufuzli tashkilotlarning qaror qabul qiluvchi rasmiy vakillari bilan o‘zaro aloqalarni rivojlantirish uchun yaxshi platforma bo‘lib xizmat qiladi”, − deya ta’kidladi bosh vazir o‘rinbosari.
 
Transport vaziri Elyor G‘aniyev xalqaro aviatsiya forumidan ko‘zlanayotgan maqsadlar haqida ma’lumot berdi. 

“Forumda O‘zbekistonning aviatsiya sohasiga investorlarni jalb qilish, mintaqaviy aeroportlarni davlat-xususiy boshqaruviga o‘tkazish, yoqilg‘i quyish komplekslarini olib kelish, aviatsiyada zamonaviy boshqaruvni joriy qilish, uchish-qo‘nish yo‘laklarini rekonstruksiya qilish, eksport va tovar aylanmasini rivojlantirish, aeroportlarda logistika markazlarini joriy qilish masalalari ko‘riladi. Shuningdek, xorijiy tashuvchilar uchun maqbul sharoitlarni yaratish va bu orqali yangi aviatsiya marshrutlarni yo‘lga qo‘yish, yangi aviakompaniyalarni tashkil etish kabi masalalar ham forum kun tartibida ko‘riladi”, − deydi Elyor G‘aniyev.

Ma’lum qilinishicha, mazkur forumni an’anaviy tarzda o‘tkazishni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, yangi aviakompaniya - Humo Air uchun texnika xarid qilish masalasi ham forum doirasida muhokama qilinadi.

Саодат Абдураҳмонова
Tayyorlagan Саодат Абдураҳмонова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid