Jahon | 16:20 / 17.02.2020
23219
5 daqiqa o‘qiladi

Tramp va Erdo‘g‘an Idlibdagi vaziyatni muhokama qildi

Donald Tramp Rossiya Suriya prezidenti Bashar Asadni qo‘llab-quvvatlashni bas qilishini istaydi. Bu haqda Oq uy rahbari Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan telefon muloqoti vaqtida gapirgan. Tramp Suriyaning Idlib provinsiyasidagi vaziyat keskinlashayotganidan xavotirdaligini bildirgan.

Foto: Anadolu

AQSh prezidenti Donald Tramp turkiyalik hamkasbi Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan telefon orqali muloqoti chog‘ida Suriyaning Idlib provinsiyasidagi vaziyatni muhokama qilgan va Rossiya Suriyaning amaldagi hukumatini qo‘llamasligi kerakligini aytgan.

Anadolu agentligi xabariga ko‘ra, Amerika rahbari Idlibdagi zo‘ravonlik holatlarini qoralagan hamda Erdo‘g‘anga Turkiyaning gumanitar falokatning oldini olishga qaratilgan harakatlari uchun minnatdorchilik bildirgan

«Prezident Tramp Qo‘shma Shtatlar Rossiya Asad [Suriya prezidenti Bashar] rejimining vahshiyliklarini qo‘llab-quvvatlashiga chek qo‘yilishi va Suriya mojarosi siyosiy yo‘l bilan hal qilinishi tarafdor ekanini bildirdi», — deyiladi Oq uy relizida.

Bundan avvaloq Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov AQShning Idlibdagi vaziyatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashishi ehtimoli to‘g‘risidagi savolga javob berarkan, ayni vaqtda bu mavzuda gaplashishning mavridi emasligini aytgandi. Shu tariqa, u Turkiya prezidentining Suriyadagi vaziyatni Donald Tramp bilan muhokama qilish niyatiga munosabat bildirgandi.

Munosabatlarda sovuqchilik boshlanganiga qaramay, Turkiya TIV rahbari Mavlud Chovusho‘g‘li «Izvestiya» nashriga bergan intervyusida Rossiya va Turkiya Idlib bo‘yicha yakuniy kelishuvni ishlab chiqish borasida muzokaralarni davom ettirayotgani haqida aytib o‘tgan.

«Hali ko‘p ishlash kerak, biz bu masalada Rossiya bilan hamkorlikni davom ettirmoqdamiz. <…> Biz Suriya muammosi hamkorligimiz susaytirishiga va o‘zaro munosabatlarda aks etishiga yo‘l qo‘ymaslimiz kerak», — deya qayd etgan turkiyalik vazir.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Bogdanov Turkiya bilan muzokaralar samarali bo‘lishiga ishonch bildirgan. «Rossiya tomonidan chuqurlashtirilgan muzokaralar olib boriladi», — degan u.

Turkiya rahbari avvalroq RF prezidenti Vladimir Putindan Suriya prezidenti Bashar Asadga ta'sir ko‘rsatib, uning armiyasi Idlibga yurishni to‘xtatishi va fevral oyi oxiriga qadar suriyalik harbiylar turklarning kuzatuv punktlaridan uzoqroqqa ketishiga erishishda yordam berishni so‘ragandi.

Erdo‘g‘an agar bunga erishilmasa, Turkiya harbiy yo‘l bilan javob qaytarishi mumkinligini aytgandi. Ammo keyinroq u Anqara fevral oyi oxirigacha kutmoqchimasligini aytib, Suriya armiyasidan zudlik bilan chekinishni talab qilgandi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya tomoni Idlib masalasini hal qilish bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan qator majburiyatlarni bajarmagani haqida gapirgan. Xususan, Anqara shu vaqtga qadar qurolli muxolifat hududi chegarasini belgilab olmagani bildirilgan. Turkiya vitse-prezidenti Fuat Oqtoy esa turklar Idlib bo‘yicha majburiyatlarini to‘liq bajarganini iddao etgan.

Suriyaning shimoliy provinsiyasidagi vaziyat yanvar oyi oxirida rossiyalik va turkiyalik harbiylarning tinchlik o‘rnatish bo‘yicha urinishlaridan keyin keskinlashdi. 12 yanvar kuni o‘t ochishni to‘xtatish rejimi kuchga kirgandi, ammo hududda harbiy harakatlar to‘xtatilmadi. Natijada, rossiyalik va turkiyalik harbiylar halok bo‘lishdi. Suriya Arab Respublikasi hukumati armiyasi 5 fevral kuni 2012 yildan buyon muxolifat nazoratida bo‘lib kelgan, Idlib yaqinidagi Sarakib shahrini bosib oldi.

11 fevral kuni Turkiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Suriya muxolifati Asad armiyasiga qarshi ikki yo‘nalishda keng ko‘lamli hujumlar boshladi: Sarakib va uning shimolidagi Neyrab shaharchasi bo‘ylab. Ayirmachilarning hujumlari turk artilleriyasi ko‘magida olib borilmoqda.

Suriya hukumati armiyasi Damashq-Halab (M5) trassasida deyarli to‘liq nazorat o‘rnatgan, yo‘lning faqat Maaret-En-Nuuman shahri atrofidagi qismi turk harbiylari tomonidan to‘sib qo‘yilgan.

  • 12 fevral kuni Erdo‘g‘an Asad armiyasini va ular bilan birga harakatlangan rossiyalik harbiylarni Idlibda tinch aholiga hujum qilishda ayblagandi. Anqara Idlib hududida Suriya armiyasining ikkita harbiy vertolyotini urib tushirgan. Damashq esa Turkiyani mamlakat suverenitetiga daxl qilish va terrorchilarni qo‘llashda ayblab kelmoqda. Rossiya Mudofaa vazirligi ham Turkiya rahbarining so‘zlari haqiqatga mos kelmasligini ma'lum qilgan.

Mavzuga oid