O‘zbekiston | 18:12 / 19.02.2020
17292
3 daqiqa o‘qiladi

Davlat amaldorlariga xususiy OAV ta'sis etish taqiqlanishi mumkin

OAV to‘g‘risidagi qonun yangilanadi. Unga asosan, OAVga davlat mansabdorlari ustidan parlamentga murojaat qilish huquqi berilishi ham mumkin.

O‘zbekiston hukumati a'zolari / Foto: Kun.uz

Bugun, 19 fevral kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasining muhokamasiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi, deb xabar beradi Kun.uz muxbiri.

Qonunning yangi tahririda quyidagicha yangiliklar bo‘lishi mumkin:

  • davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbar xodimlariga xususiy OAV ta'sis etishni taqiqlash;
  • OAV chiqish ma'lumotlariga uning ta'sischisi va homiylari to‘g‘risida ham ma'lumot joylashtirish, bu orqali OAV faoliyatiga amaldorlarning ta'siri bor-yo‘qligiga aniqlik kiritish;
  • davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining hamda ular mansabdor shaxslarining Konstitutsiya, qonunlar, parlament qarorlari va davlat dasturlarini ijro etish, shuningdek o‘z zimmalariga yuklatilgan vazifa-funksiyalarni amalga oshirishi bo‘yicha OAVning parlamentga murojaat etish huquqini qonuniylashtirish,
  • OAV erkinligini buzganlik uchun javobgarlik belgilash.

Shuningdek, amaldagi qonunning ayrim tushunchalariga aniqlik kiritish, eskirgan va ahamiyatini yo‘qotgan normalarni tahrirlash yoki qonundan butkul chiqarib tashlash taklif etilyapti.

Tadbirda Axborot va ommaviy kommanikatsiyalar agentligi tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasi bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirildi. Tadbir tashkilotchilariga ko‘ra, bildirilgan fikrlar qonun loyihasini takomillashtirishda inobatga olinadi va loyiha kelgusida yana jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi.

Foto: AOKA

Eslatib o‘tamiz, «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonun 1997 yil 26 dekabrda qabul qilingan. Unga 2007 yil 16 yanvarida va 2002 yil 22 oktyabrida o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan. 2007 yil 15 yanvarda bu qonun yangi tahrirda tasdiqlangan.

Yangi tahrirdagi «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonun loyihasi 2019 yil 16 oktyabrda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan edi.

Mavzuga oid