O‘zbekiston | 10:50 / 22.02.2020
64131
13 daqiqa o‘qiladi

Prezident «Narxoz» bo‘yicha yangi qaror imzolaydi (batafsil)

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida oliy ma'lumotli kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari qabul qilinadi

Foto: KUN.UZ

Prezidentning “Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida oliy ma'lumotli kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Qayd etilishicha, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga xizmat qiladigan iqtisodiyot sohasida kadrlarni tayyorlash borasida bugungi kunda o‘z yechimini kutayotgan dolzarb muammo va kamchiliklar saqlanib qolmoqda. Bular:

birinchidan, shiddat bilan rivojlanayotgan amaliy jarayonlar, mamlakat iqtisodiyotini modernizatsiya qilish, uni har tomonlama kompleks rivojlantirishga xizmat qiladigan ilg‘or tajribalarning ta'lim yo‘nalishi va mutaxassisliklari o‘quv rejalari va fan dasturlarida o‘zining aksini topmayotganligi, nazariy bilimlarning amaliyot bilan uzviy bog‘lanmaganligi yuzaga kelgan;

ikkinchidan, globallashuv sharoitida iqtisodiyotning turli soha va tarmoqlarida yuz berayotgan tarkibiy o‘zgarishlar, iqtisodchi mutaxassis kadrlarga bo‘lgan yangicha talablarning vujudga kelayotganligi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish, raqamli iqtisodiyotni joriy etish bo‘yicha zamon talabiga mos bo‘lgan oliy ma'lumotli va tanqidiy tahlil qilish kompetensiyasiga ega bo‘lgan kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj yuqoriligicha qolmoqda;

uchinchidan, professor-o‘qituvchilarning ilmiy-pedagogik salohiyati, kasbiy bilim darajasi, shuningdek, amaliyotda yuz berayotgan o‘zgarishlar bilan uyg‘un holda tajribalarini muntazam oshirib borish mexanizmlarini joriy etish, kasbiy mahoratlarini oshirishda xorijiy ilmiy tadqiqot va oliy ta'lim muassasalarining ilg‘or tajribalaridan foydalanish yo‘lga qo‘yilmagan;

to‘rtinchidan, oliy ta'lim–ilm-fan–ishlab chiqarish o‘rtasidagi samarali integratsiyaning o‘rnatilmaganligi, ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashda eskicha qarashning saqlanib qolayotganligi, ilmiy izlanish natijalarining amaliyotga joriy etish, ularni tijoratlashtirish bilan bog‘liq to‘siqlarning mavjudligi, ijtimoiy-iqtisodiyot sohasida olib borilayotgan ilmiy izlanishlarning real hayotda mavjud bo‘lgan muammolar yechimiga qaratilmaganligi oqibatida ilmiy faoliyatning samaradorligi pastligicha qolmoqda;

beshinchidan, professor-o‘qituvchilar tomonidan auditoriyalarda professional darajada bilimlarning berilmayotganligi, talabalar bilimini baholashda adolatli va shaffof tizimning yaratilmaganligi, talabalarning ishlab chiqarish va malakaviy amaliyotlarini samarali tashkil etilmaganligi bitiruvchilarning mehnat bozori talablariga to‘liq javob bermasligi hamda mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylasha olmayotganligiga olib kelmoqda.

Quyidagilar Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish, oliy ma'lumotli kadrlar tayyorlashning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilanadi:

mehnat bozori talablariga javob bera oladigan, iqtisodiyotning turli soha va tarmoqlari uchun zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega oliy ma'lumotli kadrlar tayyorlash, bitiruvchilarning kasbiy-malaka darajasini xalqaro mehnat bozorida tan olinishini ta'minlash;

ta'limning sifati va raqobatbardoshligini ta'minlash maqsadida 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab kredit-modul tizimiga o‘tish va jahondagi yetakchi va nufuzli oliy ta'lim muassasalarining ilg‘or tajribalarini tatbiq etish asosida o‘quv rejalari va fan dasturlarini ishlab chiqish, o‘quv va ilmiy-uslubiy ta'minotni ta'minlash;

zamonaviy ta'lim va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ko‘nikmalariga ega bo‘lgan, multimadaniy va multilingvistik muhitda dars bera oladigan, tadqiqot ko‘nikmalariga ega bo‘lgan, O‘zbekiston hukumati va biznes oldida turgan ahamiyatli vazifalarning yechimini topa oladigan yangi avlod professor-o‘qituvchilarini shakllantirish;

mustaqil ta'lim soatlari ulushini 60 foizgacha oshirish, talabalarda tanqidiy, ijodiy va kreativ fikrlash, tizimli tahlil qilish, tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, o‘quv jarayonida kompetensiyalarni kuchaytirishga qaratilgan metodika va texnologiyalarni joriy etish.

Universitetda 2020/2021 o‘quv yilidan:

xorijiy oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikda tashkil etiladigan qo‘shma ta'lim dasturlari hamda tegishli ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv rejalari va fan dasturlarini Universitet tomonidan mustaqil tasdiqlash;

ta'lim yo‘nalishlarini optimallashtirish orqali talabalar qabulini asosan “Iqtisodiyot” ta'lim yo‘nalishida amalga oshirish, birinchi va ikkinchi o‘quv yilida “Umumiy iqtisodiyot” fakulteti bazasida matematika, matematik apparati mavjud bo‘lgan fanlar, axborot texnologiyalari, iqtisodiyotda fundamental fanlar bo‘yicha chuqur bilimlarni berish;

talabalarni 3-kursdan seleksiya orqali alohida guruhlarga ajratib maxsus dasturlar asosida o‘qitishni tashkil etish va ularning sohalar bo‘yicha bilim darajalari hamda qiziqishlari bo‘yicha mutaxassisliklarga ajratishni yo‘lga qo‘yish;

“Statistika” va “Turizm” ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha talabalarning bakalavriat bosqichidagi o‘qish muddatini 3 yildan kam bo‘lmagan tarzda amalga oshirish amaliyotini joriy etish hamda uning tegishli me'yoriy-huquqiy hujjatlarini ishlab chiqish;

talabalar amaliyotini maqsadli tashkil etish va ishga joylashishiga har tomonlama ko‘maklashish, potensial ish beruvchilar ro‘yxatini shakllantirib borish va hamkorlik qilish, shuningdek avvalgi bitiruvchilar salohiyatidan unumli foydalanishga qaratilgan “Endaument” fondini tashkil etish;

ta'lim jarayonlarini raqamli texnologiyalar asosida individuallashtirish, masofaviy ta'lim xizmatlarini rivojlantirish, vebinar, onlayn, «blended learning», «flipped classroom», «spin-off» texnologiyalarini amaliyotga keng joriy etish;

o‘quv jarayoniga koucher usulini (maslahat va trening usuli) kiritish va koucherlarni jalb qilish orqali talabalarga ma'lum bir kasbiy maqsadga erishishga yordam berish tizimini joriy etish;

tayanch doktorantlar, doktorantlar va mustaqil izlanuvchilarning o‘z ilmiy tadqiqot ishlarini himoya qilish jarayonlarini jadallashtirish hamda shaffofligini ta'minlashga qaratilgan elektron platformani yaratish, unda ilmiy maqolalar, ilmiy-uslubiy ishlanmalar, ixtiro va kashfiyotlar hamda tadqiqotning boshqa natijalari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni joylashtirib borish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Universitet faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlanadi.

Universitetga yuksak mustaqil fikrlashga qodir, ma'naviy-axloqiy fazilatli kadrlar tayyorlashni ko‘zda tutuvchi quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifalari yuklanadi:

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Akademik litseyini muvaffaqiyatli tugatgan o‘quvchilarga bakalavriat bosqichiga o‘qishga kirish uchun test natijalarida olgan umumiy ballning 30 foizi miqdorida qo‘shimcha ball berish tartibini joriy etish;

raqamli universitet modeliga o‘tish asosida ta'limni boshqarish, sifatni nazorat qilish, talabalar bilimini baholashning elektron tizimi joriy etiladi, boshqaruv va o‘quv jarayonlariga inson omili ta'siri minimallashtirilib, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan shaffof mexanizmni yaratish;

korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha boshqaruv tizimini joriy etish, xalqaro standart talablaridan kelib chiqib, o‘quv, ilmiy tadqiqot va tashkiliy jarayonlarni samarali yo‘lga qo‘yish.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida alohida bo‘linma sifatida “Universitet 3.0” xalqaro o‘quv va ilmiy-innovatsion tadqiqotlar markazi tashkil etiladi.

Quyidagilar markazning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilanadi:

Elektron universitet konsepsiyasi doirasida o‘quv, o‘quv-uslubiy va ilmiy tadqiqot sohalari faoliyatini raqamlashtirish, hujjatlar ayirboshlanishini avtomatlashtirish;

universitet bitiruvchilarining milliy va xalqaro mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini ta'minlash maqsadida ularga ta'lim yo‘nalishi va mutaxassisligi bo‘yicha oliy ma'lumot diplomi bilan bir qatorda xalqaro miqyosda tan olingan (ACCA, CIMA, CFA va boshq.) diplom va sertifikatlar berish amaliyotini joriy etish;

Ommaviy ochiq onlayn-kurslarni yaratish, ta'lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar o‘quv rejalarida belgilangan zamonaviy fanlarning video va audio ma'ruzalarini tayyorlash, ularni global internet tarmog‘iga joylashtirish.

Belgilab qo‘yilishicha, davlat budjeti mablag‘lari, shartnoma asosida ta'lim va boshqa turdagi xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan tushumlar, ilmiy-texnik dasturlarga ajratilgan grantlar, ilmiy-innovatsion biznesni rivojlantirish uchun uchinchi shaxslar tomonidan ajratilgan maqsadli moliyaviy, homiylik, xayriya mablag‘lari, korxona va tashkilotlar bilan xo‘jalik shartnomalarini amalga oshirishdan olingan daromadlar, shuningdek, qonun hujjatlarida ta'qiqlanmagan boshqa manbalar markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi.

Universitet Vasiylik kengashiga iqtisodiyot tarmoqlarining kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlarini inobatga olgan holda, shuningdek istiqbolda bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha to‘lov-kontrakt miqdorlarini Universitetning o‘z xarajatlarini qoplash darajasidan kelib chiqib mustaqil belgilash tizimiga o‘tish huquqi beriladi.

Universitet rektoriga quyidagi vakolatlar beriladi:

ilmiy tadqiqotlar sohasida universitet professor-o‘qituvchilari, izlanuvchilari va xodimlarni Scopus, Web of science, Science Direct va boshqa xalqaro ilmiy-texnik bazalar tizimiga kiruvchi ilmiy jurnallarda ilmiy maqolalar chop etganligi, shuningdek, ilmiy-uslubiy, ilmiy tadqiqot, tashkiliy-uslubiy, ma'naviy-ma'rifiy va tarbiyaviy ishlar bajarilishidan kelib chiqib, ish haqiga 200 foizgacha ustamalar belgilash;

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan kelishilgan holda kadrlar buyurtmachilari takliflari asosida yangi ta'lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarini ochish, o‘quv reja, fan dasturlari va ta'lim berish muddatlariga o‘zgartirishlar kiritish.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi va universitet rektoriga 2020 yil 1 mayga qadar prezidentning PF-5812-sonli farmonida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, universitetga biriktirilgan Ta'limning xalqaro standart tasniflagichi darajalari bilan uyg‘unlashgan texnikumlar hamda ko‘p tarmoqli o‘quv markazlari va amaliyot poligonlarini tashkil etish uchun berilgan kasb-hunar kollejlari faoliyatini rivojlantirish bilan bog‘liq kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va o‘rnatilgan tartibda tasdiqqa kiritish vazifasi yuklanadi.

Aholining keng qatlami, ayniqsa, mamlakatning chekka hududlarida istiqomat qilayotgan yoshlarning oliy ta'lim bilan qamrovini kengaytirish hamda xorijiy fuqarolarni o‘qishga jalb etish maqsadida Universitetda 2021/2022 o‘quv yilidan masofaviy o‘qitish shakli (onlayn, vebnet, vebinar, e-learning dasturi va sh.k.) tajriba tariqasida tashkil etiladi.

Universitet balansida bo‘lgan Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani, Navabot QFYda joylashgan “Iqtisodchi oromgohi”ni qayta ta'mirlash ishlariga, xususan Avstriyaning Krems amaliy fanlar universiteti bilan hamkorlikda Tog‘ turizmi, Turizm va dam olish menejmenti ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha amaliyot darslarini tashkil etish maqsadida davlat-xususiy sherikchiligi shaklida mehmonxona, ko‘ngil ochar inshootlar, turizmni rivojlantirishga qaratilgan turli infrastrukturalar qurilishiga ruxsat beriladi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi va Universitetning xususiy sektor vakillari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini o‘rnatadigan, ta'lim va ilmiy-innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirishga xizmat qiladigan ko‘p tarmoqli “TSUE-INVEST” mas'uliyati cheklangan jamiyatni tashkil etish taklifiga rozilik beriladi.

Quyidagilar “TSUE-INVEST” mas'uliyati cheklangan jamiyatning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

autsorsing asosida ta'limga xizmat qiladigan va Universitet infrastrukturalarini rivojlantirishga qaratilgan turli mulk shaklidagi korxona va kompaniyalar hamda xalqaro moliya tashkilotlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalarni imzolash;

Universitetning moddiy-texnik bazasini modernizatsiyalash, zamonaviy bino va inshootlarni qurish, o‘quv va ilmiy laboratoriya jihozlarini xarid qilish bilan bog‘liq ishlarni tashkil etish;

xalqaro va mahalliy investorlarni jalb qilgan holda ta'lim va ilmiy tadqiqotlar sohalarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladigan investitsion loyihalarda faol ishtirok etish;

Universitet professor-o‘qituvchilari, ilmiy xodimlar va iqtidorli talabalar tomonidan yaratilgan innovatsion g‘oya va ishlanmalarni tijoratlashtirishga ko‘maklashish, pullik ta'lim xizmatlari ko‘lamini kengaytirish va rivojlantirish bo‘yicha buyurtmalar portfelini shakllantirish.

Mavzuga oid