Sport | 11:50 / 10.03.2020
12110
3 daqiqa o‘qiladi

Quyi Chirchiq tumanida qariyb 5 mlrd so‘mlik BO‘SM foydalanishga topshirildi

Foto: Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati

9 mart kuni Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan 5ta muhim tashabbus doirasida bolalar va o‘smirlar sport maktabi kapital ta'mirdan chiqarilib, foydalanishga topshirildi.

Loyiha qiymati 4 milliard 835 million so‘m bo‘lgan (shundan 3 mlrd 492 mln so‘m davlat budjeti, 1 mlrd 343 mln so‘m mahalliy budjet) mazkur obektning ishga tushirilishi natijasida bu yerda ajoyib futbol stadioni, ochiq tipdagi basketbol va voleybol maydonchalari, yugurish yo‘lakchasi hamda 12×24 o‘lchamdagi sport zal mahalliy yoshlar ixtiyoriga topshirildi.

Endilikda ushbu bolalar va o‘smirlar sport maktabida 12ta sport turi bo‘yicha to‘garaklar tashkil etilib, ularga qariyb ming nafarga yaqin mahalliy yoshlarni qamrab olish imkoniyati yaratildi.

Tabiiy maysali futbol maydonining o‘lchamlari bemalol Professional futbol ligasi tomonidan o‘tkazib kelinayotgan Pro-liga musobaqalarini qabul qilish imkonini beradi. Maydon holati ham ideal darajada. Shu sabablimi «B» Pro-liga ishtirokchisi bo‘lmish «Rubin» jamoasi o‘z uy uchrashuvlarini shu stadionda o‘tkazish istagini bildirmoqda.

Quyi Chirchiq tumani BO‘SMning mazkur filiali 1974 yilda qurilgan bo‘lib, o‘z vaqtida bu yerda futbol bo‘yicha xalqaro turnirlar tashkil etilgan. Ammo, keyinchalik ushbu stadion va sport zal qarovsiz ahvolga kelib qolgandi. Kapital ta'mirdan keyin majmua zamonaviy ko‘rinish oldi.

Bolalar va o‘smirlar sport maktabining ochiq basketbol maydonida mini-futbol va gandbol bilan ham shug‘ullanish imkoniyati mavjud. Ochiq voleybol maydonini esa badminton sport turiga moslashtirish mumkin. Xullas, Quyi Chirchiq tumani bolalar va o‘smirlar sport maktabi asosan sportning o‘yin turlarini rivojlantirishga ixtisoslashgan, desak adashmaymiz. Sport zal esa boks va kurash turlariga moslashgan. Shuningdek, bu yerda qor-yog‘inli kunlarda voleybol bilan ham shug‘ullansa bo‘ladi.

Quyi Chirchiq tumani bolalar va o‘smirlar sport maktabining tantanali ochilish marosimida Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, Quyi Chirchiq tumani hokimi Akmal Xolmurodov hamda sport jamoatchiligi ishtirok etdi.

Shuningdek tadbirda, erkin kurash bo‘yicha ikki karra jahon chempioni, Osiyo o‘yinlari g‘olibi va Osiyo chempioni taniqli sport ustasi hozirgi kunda murabbiylik kasbi bilan shug‘ullanayotgan Dilshod Mansurov ham so‘zga chiqib, yosh sportchilarga berilayotgan bu kabi e'tibordan xursandligini qayd etdi.

Tadbir yakunida Quyi chirchiqlik sportchi yoshlar yig‘ilganlarga o‘z mahoratlarini namoyish etishdi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati

Mavzuga oid