O‘zbekiston | 16:20 / 10.03.2020
60588
2 daqiqa o‘qiladi

Sardor Umurzoqov bosh vazirga o‘rinbosar bo‘lishi kutilmoqda

Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Bosh vazirning investitsiyalar va tashqi iqtisodiy munosabatlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lishi kutilmoqda.

Bosh vazir Abdulla Aripov taqdimnomasiga binoan investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqovning nomzodi bosh vazir o‘rinbosari lavozimiga tavsiya etildi.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, parlament quyi palatasida bosh vazirning investitsiyalar va tashqi iqtisodiy munosabatlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri lavozimiga Sardor Umrzoqov nomzodini ko‘rib chiqdi. 

Nomzod deputatlar tomonidan ma’qullangan va endi u prezidentning lavozimga tayinlash to‘g‘risidagi qarori bilan vitse-premerga aylanishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning 26 fevralida prezidentning «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi faoliyatini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori imzolangan va unga ko‘ra, bosh vazirning ikki o‘rinbosari lavozimi joriy etilgan, ko‘p o‘tmasdan O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari — moliya vaziri (bu lavozim tugatilgan) Jamshid Qo‘chqorov bosh vazirning moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – iqtisodiyot va sanoat vaziri lavozimiga o‘tkazilgan, Buxoro viloyatining sobiq hokimi O‘ktam Barnoyev esa bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi.

Ayni vaqtda bosh vazirning ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi bo‘sh qolmoqda.

Mavzuga oid