Jamiyat | 11:37 / 27.03.2020
97817
2 daqiqa o‘qiladi

Andijondagi koronavirus bemorlarning barchasi bir oila vakillari ekani ma'lum bo‘ldi

Andijon viloyatida koronavirus tashxisi qo‘yilgan bemorlar bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumot berildi.

Foto: KUN.UZ

Andijon viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi Kun.uz’ga xabar berishicha, Andijonda koronavirus aniqlangan bemorlarning barchasi bir oila vakillaridir.

«Uch nafar bemor bir oila vakillaridir. Andijon shahrida yashovchi er-xotin va ularning qizida koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Ulardan olingan tahlil namunalari koronavirusga ijobiy natija berdi», deyiladi ma'lumotda.

Hozircha bu viloyatdagi koronavirusga chalinish holati qaysi davlat bilan bog‘liqligi ma'lum emas.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni 83 nafarni tashkil etmoqda. Shu vaqtgacha Toshkent shahri va Toshkent viloyatlaridan tashqari, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida ham koronavirusga chalinganlar qayd etilgan.

27 mart kuni Namangan shahrida koronavirusdan ilk o‘lim holati qayd etildi. 12 mart kuni Turkiyaning Istanbul shahridan kelgan va uy karantiniga olingan ayolning 72 yoshli onasi koronavirus tashxisi qo‘yilganidan keyin miokarddan vafot etgan. Ushbu oilada yana 3 kishi virusdan zararlangan.

Mavzuga oid