O‘zbekiston | 21:37 / 03.04.2020
20201
3 daqiqa o‘qiladi

130ga yaqin ukrainalik O‘zbekistondan keta olmayapti

Ukrainaning O‘zbekistonda bo‘lib turgan 130 nafarga yaqin fuqarosi o‘z uyiga keta olmayapti. Bu haqda xersonlik Ruslan Kamalovning murojaati Ukrainaning 24TV telekanalida ko‘rsatilgan.

24TV efiridan kadr

«Odamlar qiyin holatda, ko‘pchilikning puli tugamoqda. Tashqi ishlar vazirligi aloqaga chiqmayapti», degan Kamalov telekanal efirida.

Kamalovning aytishicha, u va boshqa ukrainaliklar vatanlariga qaytishga ulgurmay qolishgan.

«Prezident Vladimir Zelenskiy xorijdagi ukrainaliklarda qaytib kelishi uchun 3 kun muhlat deb e'lon qilganida O‘zbekiston chegaralarini yopib bo‘lgandi», – deyiladi xabarda.

Qayd etish kerak, Ukraina prezident 13 mart kungi murojaatida xorijdagi vatandoshlarni 17 martga qadar mamlakatga qaytib kelishga chaqirgan. O‘zbekiston esa 16 martdan boshlab chegaralarni yopgan, shunga qaramay chet el fuqarolarining mamlakatni tark etishiga taqiq qo‘yilmagan edi.

Ukrain televideniyesiga murojaat qilgan fuqaro Ruslan Kamalovga ko‘ra, keyinroq Ukrainaning O‘zbekistondagi elchixonasi fuqarolarni evakuatsiya qilishga so‘z beradi.

«Mening gaplarim efirda ketgach, konsullar qo‘ng‘iroq qila boshlashdi. Ular kishi boshiga 200 yevrodan pullik evakuatsiya taklif qilishdi. Hamma rozi bo‘ldi», deydi Kamalov.

O‘zbekistondagi ukrainaliklar bu kelishuvning ertasiga, 31 mart kuni evakuatsiya tashkil qilinishi haqida eshitishadi, lekin reys amalga oshmaydi.

«24 aprelgacha ucha olmasligimizni aytishdi. Lekin menimcha, bu juda kech», – deydi u.

Kamalovning aytishicha, konsullik har bir kishiga 50 dollardan pul ajratishi mumkin, lekin bu pul uch kunga ham yetmaydi:

«50 dollarni olish uchun ham ayni vaqtda daromadimiz yo‘qligi, hech kimdan ko‘mak olmayotganimizni isbotlaydigan bir dunyo hujjat to‘plash kerak. Bu hujjatlarni to‘plab bo‘lmaydi, axir hech qayer ishlamayapti».

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi ukrainaliklar o‘z pullari evaziga ham vatanlariga qaytishga rozi:

«Biz charchadik. Hamma o‘z hisobidan bo‘lsa ham ketishga tayyor. Oramizda ayollar, bolalar va yoshi kattalar bor», degan Ruslan Kamalov.

Mavzuga oid