Sport | 16:48 / 06.04.2020
28188
2 daqiqa o‘qiladi

#Uyda_qol #Hayotga_qo‘shil – O‘zbekistonda sovrinli sport chellenji e'lon qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Narkotiklar va jinoyatga qarshi kurash boshqarmasi hamkorligida «6 aprel – Taraqqiyot va tinchlik yo‘lida Xalqaro sport kuni» munosabati bilan yurtdoshlarimiz orasida uy sharoitida jismoniy tarbiya va sport bilan faol shug‘ullanishni keng targ‘ib etish maqsadida o‘ziga xos salomatlik aksiyasini e'lon qiladi.

#Uyda_qol #Hayotga_qo‘shil chellenjida qatnashish orqali siz nafaqat o‘z salomatligingizni mustahkamlaysiz, balki bu orqali qimmatbaho sovg‘alarni yutib olish imkoniyatiga ega bo‘lasiz.

Buning uchun siz:

1) karantinda uyda qolib oila a'zolaringiz bilan birga badantarbiya va sport mashqlarini bajaring hamda uni videoga olgan holda o‘zingizning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalaringiz (Facebook, Instagram)ga joylang;

2) Ushbu videoni Jismoniy tarbiya va sport vazirligining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari (fb.com/www.sport.uz, instagram.com/minsportuz)ga ulashing.

Videoroliklarni baholashda:

  • taqdim etilgan videorolikda tanlov ishtirokchisi yoki uning oila a'zolari uy sharoitida sport bilan shug‘ullanish jarayoni aks etganligi;
  • uyda sport bilan shug‘ullanish jarayoniga kreativ yondashuvi;
  • videorolikning sifati;
  • ishtirokchi(lar)ning uyda qolib sport bilan shug‘ullanishga da'vat etgan (chaqiriq) bo‘lishi;
  • videoroliklar 3 daqiqadan oshmasligiga e'tibor qaratiladi.

Chellenj joriy yilning 6-26 aprel kunlari oralig‘ida o‘tkaziladi. Har to‘rtinchi kunda chellenjning uch kunlik g‘oliblari aniqlanib, taqdirlab boriladi.

#Uyda_qol #Hayotga_qo‘shil chellenjida faol ishtirok eting va sovg‘alarni qo‘lga kiriting.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmati

Mavzuga oid