Sport | 19:17 / 22.12.2020
10545
3 daqiqa o‘qiladi

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi: poytaxtimizda yangi sport majmuasi foydalanishga topshirildi

So‘nggi yillarda mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni yanada ommalashtirish, aholining barcha qatlamlari orasida jismoniy madaniyatni yuksaltirish, qolaversa, xalqaro maydonlarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib kelayotgan sportchilar uchun barcha sharoitlarni yaratishga jiddiy e'tibor qaratilmoqda.

Prezidentimiz tomonidan yoshlar ma'naviyatini yuksaltirish va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning ikkinchisi bevosita jismoniy tarbiya va sportga yo‘naltirilgan bo‘lib, unda yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 10 yanvardagi «2020-2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4565-sonli qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 31 iyuldagi 654-F-sonli Farmoyishi bilan Toshkent shahar, Mirzo Ulug‘bek tumani Amir Temur ko‘chasi «Sultoniya» mahallasida zamonaviy, qulay va ixcham sport majmuasi qurib, foydalanishga topshirildi.

Sport majmuasi qurilish sohasidagi ilg‘or texnologiyalarni amalga tatbiq etgan holda, yengil konstruksiyali va zamonaviy sendvich panellari asosida qurilgan bo‘lib, o‘lchami 18×30 metr bo‘lgan mazkur sport zalining qurilishiga qariyb 2,5 mlrd so‘m mablag‘ sarflandi.

Bugun ushbu sport majmuasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi Shavkatbek Ergashev, mahalla faollari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Ochilish marosimida so‘zga chiqqan Jismoniy tarbiya va sport vaziri D.Nabiyev tadbir ishtirokchilari va mahalla aholisini yangi, ko‘rkam sport majmuasi faoliyat boshlagani bilan qizg‘in tabrikladi.

Shundan so‘ng yangidan qad rostlagan sport majmuasida mahalla sportchilari ishtirokida boks va taekvondo bo‘yicha ajoyib chiqishlar namoyish etildi.

Shuni alohida ta'kidlash kerak, sport majmuasining barpo etilishida g‘isht o‘rniga sendvich panellaridan foydalanish natijasida qurilish tannarxi o‘rtacha 450-500 mln so‘mga arzonlashgan bo‘lsa, qurilishning davomiyligi 1,5-2 oygacha qisqardi.

Endilikda bu maskanda shu atrofda istiqomat qiluvchi 100 nafardan ortiq o‘g‘il-qizlar sportning boks, taekvondo hamda shaxmat-shashka turlari bilan muntazam shug‘ullanish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Kelgusida bu kabi sport inshootlarini mamlakatimizning deyarli har bir mahallasida barpo etish orqali yosh avlod, qolaversa aholining barcha qatlamlarini sog‘lom turmush tarziga jalb etish maqsad qilingan.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati

Mavzuga oid