O‘zbekiston | 09:29 / 07.04.2020
82334
3 daqiqa o‘qiladi

Botir Xo‘jayev bosh vazir maslahatchisi lavozimidan ozod etildi

Botir Xo‘jayev pensiyaga chiqdi. U bosh vazir maslahatchisi lavozimida bir oydan ortiqroq ishladi.

O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining sanoatni va kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Botir Xo‘jayev lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Kun.uz’ning hukumatga yaqin manbasi xabar berdi.

«Botir Asadillayevich Xo‘jayev pensiyaga chiqishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining sanoatni va kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimidan ozod qilinsin.

B.A.Xo‘jayevning avvalgi lavozimi bo‘yicha belgilangan tibbiy xizmat ko‘rsatish sharoitlari saqlab qolinsin», deyiladi Vazirlar Mahkamasi qarorida.

Botir Xo‘jayev 1956 yilda tug‘ilgan, 1979 yilda Toshkent temir yo‘l muhandislari institutini tamomlagan.

1992−1996 yillarda — Toshkent shahar Chilonzor tumani hokimining birinchi o‘rinbosari va Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan, 1996−1997 yillarda — Davlat mulki qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari, 1997−1998 yillarda — Vazirlar Mahkamasi Axborot-tahlil boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, 1998−2002 yillarda — Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari va raisi, 2002−2005 yillarda Vazirlar Mahkamasining Axborot-tahlil boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.

U 2005−2006 yillarda — Prezidentning ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha davlat maslahatchisi bo‘lgan, 2006−2009 yillarda — Iqtisodiyot vaziri,  2009−2011 yillarda — bosh vazir o‘rinbosari — Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisi, 2011−2016 yillarda — Iqtisodiyot vazirining birinchi o‘rinbosari sifatida ishlagan.

2016 yildan Moliya vaziri lavozimida ishlagan Botir Xo‘jayev 2017 yilda Iqtisodiyot vaziri lavozimiga o‘tkazilgan, 2019 yil yanvarida prezident farmoni bilan bu vazirlik qayta tashkil etilib, Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga aylangan, Xo‘jayev vazirlik rahbari sifatida lavozimini saqlab qolgandi. 2020 yilning fevralida esa u Iqtisodiyot va sanoat vaziri lavozimidan ozod etildi va bosh vazir maslahatchisi lavozimiga tayinlangandi.

Mavzuga oid